Orolboʻyidan dinozavr suyaklari topildi

Saqlash
22:09 / 24.04.2024 1393 0

Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutining geologiya laboratoriyasi mudiri Izzet Aimbetov maʼlum qilishicha, oʻtgan yilning sentyabr oyida slovakiyalik bir nechta paleontolog olimlar qoraqalpogʻistonlik olimlar bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan.

 

Hamkor tomonlar Orolboʻyidagi koʻplab hududlarda tadqiqot olib borib, noyob topilmalarni topgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, topilmalar orasida suvda yashaydigan dinozavrning kichikroq turining suyagi ham bor.

 

Shundan soʻng xorijlik paleontolog yurtlariga qaytib ketgan. Ammo ular shu yilning aprel oyi boshida yana Qoraqalpogʻistonga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettira boshlagan.

 

Ana shu izlanish jarayonida Ustyurtda dinozavr izi topildi.

 

“Oʻsha iz shuncha yillar davomida qanday saqlanib qolgani bizga juda qiziq…“ deydi Aimbetov.

 

Uning soʻzlariga koʻra, dinozavrning izlari yerga botib, vaqt oʻtgani sayin geologik jarayon natijasida toshga aylanib qoladi. Hozir olimlar ana oʻsha tosh izlarni chuqur oʻrganmoqda.

 

Shuningdek, dala tadqiqot ishlari davomida dinozavr bolasining suyaklari ham topilgan.

 

Paleontologlarning aytishicha, bunday noyob suyaklar hozircha Amerika Qoʻshma Shtatlari, Ruminiya, Xitoy va Qoraqalpogʻistonda aniqlangan.

 

“Olimlar yana koʻplab noyob suyaklar topishdi. Bizda noyob topilmalarni tahlil qilish imkoni boʻlmagani tufayli ular topilmalarni oʻrganish uchun olib ketishdi”, deydi Aimbetov intervyu davomida.

 

Rasmiyning soʻzlariga koʻra, ikkinchi ekspeditsiyada ishtirok etish uchun Fransiyadan ham olimlar kelib Qora-togʻ togʻlari, Ustyurt, Nukus, Xoʻjayli, Taxiatosh tumanlarida boʻlib koʻplab noyob suyaklarni topgan. Hozirda mazkur topilmalar Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimida saqlanmoqda.

 

“Qoraqalpogʻistonda paleontolog olimlar yoʻq. Umuman, Oʻzbekistonda bunday mutaxassislarga juda katta ehtiyoj bor. Bu soha vakillari keyingi yillarda kamayib ketdi… Ikkita ekspeditsiya jarayonida topilgan suyaklar 70 million yil oldin yashagan hayvonlarning suyaklari boʻlib, shu suyaklar orqali olimlar yerning tarixini oʻrganadi” deydi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutining geologiya laboratoriyasi mudiri.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//