Prezident gidroenergetikani rivojlantirishga oid qarorni imzoladi

Saqlash
22:40 / 13.12.2021 895 0

“Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, elektr energetika sohasida 2030-yilga borib respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvati 3 416 MVtga yetkaziladi.

 

Qaror bilan 2021–2030-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

2022-yil 1-yanvardan «Oʻzbekgidroenergo» AJ tarkibidagi gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi faoliyat turiga koʻra kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:

 

suv oqimi boʻyicha ishlaydigan gidroelektr stansiyalarida – 70 foiz miqdorda;

 

elektr energetikasi tizimining rejimiga bogʻliq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektr stansiyalarida – 100 foiz miqdorda;

 

gidrotoʻplash elektr stansiyalarida – 150 foiz miqdorda sotib olinadi.

 

Elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalaridan (bundan sanoat koʻlamidagi 1 MVt yoki undan ortiq quvvatlar mustasno), quvvati 5 MVt gacha boʻlgan gidroelektr stansiyalaridan oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgandan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish II guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, xususiy investorlar (tashabbuskorlar) quvvati 1 MVt gacha boʻlgan quyosh, shamol, biogaz va quvvati 5 MVt gacha boʻlgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini shartnoma asosida toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish huquqiga ega.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//