5 ta hududda chiqindi xizmatlari uchun tariflar oshirildi

Saqlash
20:52 / 19.04.2024 2008 0

Yana besh hududda qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflari tasdiqlandi, deb yozadi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi Matbuot xizmati.

 

Xabarga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qarshi shahrida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflari belgilandi.

 

Narxlar quyidagicha koʻrsatilgan:

◾️ Qoraqalpogʻiston Respublikasida – aholi uchun 4 032 soʻm (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun 72 ming 240 soʻm (QQS bilan);

◾️ Jizzax viloyatining jami 13 ta shahar va tumanida – aholi uchun 1 kishiga oylik 6 000 soʻm hamda yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun (QQSsiz) 60 000 soʻm va 1 tonna uchun (QQSsiz) 135 ming 420 soʻm;

◾️ Sirdaryo viloyatida – aholi uchun 4 000 soʻm hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQS bilan) 81 ming soʻm;

◾️ Surxondaryo viloyatining jami 15 ta shahar va tumanida – aholi uchun 1 kishiga oylik 4 500 soʻm hamda yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun (QQSsiz) 70 ming soʻm;

◾️ Qarshi shahrida – aholi uchun 6 160 soʻm (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQS bilan) 89 ming 600 soʻm.

 

 

“Ishchi organ etib belgilangan Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, oʻtgan davr mobaynida toʻlov tariflariga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel yoqilgʻisi esa 2 baravarga oshgan. Biroq hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan toʻlov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta koʻrib chiqilmagan, bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularning 2022-yil yakuni boʻyicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketgan”, – deyiladi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, hozirda boshqa hududlarda ham qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//