Yangi Toshkent qurilishi maʼrifat maskanlaridan boshlanadi

Saqlash
03:26 / 04.04.2024 1317 0

Bundan bir yil avval, 18-mart kuni Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qoʻyilgan edi.

 

Bunyodkorlik ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash va direksiya tuzilib, loyihalashtirish olib borildi.

 

 

2024-yil 3-aprel kuni, muqaddas Ramazon oyida bu yerda ilk inshootlar qurilishini boshlash marosimi boʻldi.

 

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, bu tarixiy voqea ekanini taʼkidladi.

 

 

– Bugun “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qoʻyamiz. Yangi shahar qurilishi ilm-fan, maʼnaviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyamizning asosi va namunasi boʻladi, – dedi davlat rahbari.

 

Maʼrifatli jamiyatning asosiy poydevori maktab boʻlsa, muallim uning ustunidir. Shu bois bu yerda birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi barpo etiladi. U 20 ming talabaga moʻljallangan oʻquv binolari, 5 ming oʻrinli yotoqxona, 300 oʻrinli bogʻcha, 616 oʻrinli maktab, 588 oʻrinli akademik litsey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa obyektlarni oʻz ichiga oladi. Yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bogʻcha – maktab – universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

 

 

“Yangi Oʻzbekiston” universiteti yurtimizdagi eng nufuzli oliygoh boʻlib, unda muhandislik, boshqaruv, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, gumanitar va tabiiy fanlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

 

Shaharda mazkur universitet uchun ham zamonaviy kampus quriladi. Xususan, bu yerda 10 ming talabaga moʻljallangan oʻquv binolari, 1 ming 150 oʻrinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasi barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun 2 ming oʻrinli yotoqxona, professor-oʻqituvchilarga 286 oʻrinli turar joy qurib beriladi.

 

Navbatdagi loyiha – Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi uchun yangi majmua. Bu yerda kutubxona fondida saqlanayotgan 10 milliondan ortiq adabiyotlarni munosib saqlash va bir paytning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Uning mumiy maydoni 30 ming metr kvadratni tashkil qiladi.

 

Teatr sanʼati xalq maʼnaviyati, yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois Yangi Toshkentda xalqaro talablar asosida Milliy teatrning muhtasham binosi barpo etiladi. Unda sanʼatkorlar uchun ham, tomoshabinlar uchun ham har jihatdan qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusida u yurtimizdagi barcha teatrlar uchun oʻziga xos ijodiy laboratoriya vazifasini bajaradi.

 

Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini jamlagan oʻziga xos maʼnaviyat majmuasi ham qad rostlaydi.

 

 

Davlatimiz rahbari bu majmualarning imkoniyatlari va ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

 

– Bugun poydevori qoʻyilayotgan maskanlar koʻp yillar xalqimiz maʼnaviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-maʼrifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qoʻshadi, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, binolar qurilishini boshlab berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//