Oʻzbekistonda firibgarlikning yangi turi avj olmoqda

Saqlash
16:31 / 01.04.2024 1598 0

Soʻngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlikning yangi turi avj olayotgani haqidagi xabarlar keng tarqalmoqda.

 

Toshkent shahar IIB axborot xizmati boshligʻi Nilufar Isaxanova ushbu yangi turdagi firibgarlikning ishlash sxemasi boʻyicha toʻliq tafsilotlarni maʼlum qildi.

 

Rasmiyning soʻzlariga koʻra, jabrlanuvchining yashash manzilidagi uy telefoniga nomaʼlum shaxs qoʻngʻiroq qilib, baqirib yigʻlagan ovozda: “Ona, men yoʻl transport hodisasiga uchradim. Avariya mening aybim bilan sodir boʻldi. Jabrlanuvchi ogʻir ahvolda. Uni zudlik bilan operatsiya qilish kerak. Meni qamab qoʻyishmoqchi” deb, vahima bilan gapiradi. Soʻng, goʻshakni boshqa shaxs olib, oʻzini tergovchi deb tanishtiradi va yaqin qarindoshi, yaʼni “qizi” yoki “nevarasi” yoʻl transport hodisasi sababchisi boʻlganligini, hozirda jinoyat ishi qoʻzgʻatish va qamoqqa olish choralari koʻrilayotganini aytib, qoʻrqitadi.

 

Buni eshitgan jabrlanuvchining sarosimaga tushganidan foydalanib, telefonda gaplashayotgan shaxs jinoyat ishini qoʻzgʻatmaslik maqsadida, goʻyoki yoʻl transport hodisasi jabrlanuvchisi bilan kelishish uchun, pul berish kerakligini aytadi. Soʻng, jinoiy guruh aʼzolaridan birini jabrlanuvchining uyiga yuboradi.

 

Telefonda gaplashib turgan shaxs jabrlanuvchidan goʻshakni qoʻymaslikni talab qiladi. Oʻzini tergovchi deb tanishtirgan shaxs jabrlanuvchining uyali telefon raqamini oʻzidan soʻrab, bilib oladi va uyali telefon raqamiga nomaʼlum raqamdan qoʻngʻiroq qiladi. Goʻyoki tergovchi jabrlanuvchi bilan gaplashganda pulni olib ketish uchun bir odamni yuborishini aytadi va jabrlanuvchidan uy manzilini aniq soʻrab, bilib oladi. Soʻng, kuryer yetib kelguncha vaqtni choʻzadi.

 

Jabrlanuvchidan telefon orqali ariza yozdiradi, yaʼni goʻyoki yoʻl transport hodisasi natijasida jabr koʻrgan shaxsga yetkazilgan zararni undirish, uni operatsiya qilish uchun barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga olganligi mazmunidagi ariza yozdirib olinadi.

 

Shundan soʻng jabrlanuvchiga “qizi”ning kiyimi qon boʻlib ketganligi sababli ustini almashtirishi uchun birorta kiyimni, sochiq va choyshabni tayyorlashi kerakligini, bularning barchasini sumkaga solib, eng pastki qismiga pulni oʻrab, solib qoʻyishini tayinlaydi.

 

Shu oʻrinda, telefon orqali gaplashayotgan shaxs uyda yana boshqa telefon bor-yoʻqligini soʻraydi. Yana boshqa telefon bor boʻlsa, uning ham raqamini aniqlab, unga boshqa, uchinchi shaxs qoʻngʻiroq qilib, oʻzini tibbiyot xodimi deb tanishtiradi.

 

Soxta tibbiyot xodimi yoʻl transport hodisasi qurboni ogʻir ahvolda ekani, zudlik bilan operatsiya qilish kerakligini, buning uchun juda koʻp miqdorda pul zarurligini aytadi. Jabrlanuvchining goʻyoki “qizi” esa uy telefonida gaplashib turadi. Uning ovozi va gaplari tushunarsiz holatda boʻladi. Goʻshakdagi ayol yoʻl transport hodisasi natijasida labi yorilgani sababli shunday gapirayotganini maʼlum qiladi. Shuningdek, hozirda shifoxonada ekanligini aytadi.

 

Jabrlanuvchi undan qaysi shifoxonada ekanligini soʻraganda, viloyat shifoxonasida ekanligini maʼlum qiladi. Shu bilan jinoiy guruh aʼzolari uydagi barcha telefonlarni band qilib qoʻyadi. Bu vaqtda kuryer yetib kelib, pullarni olib ketadi. U yuzini koʻrsatmaslik uchun tibbiy niqob, koʻzoynak yoki parik taqqan holatda boʻladi.

 

Kuryer pullarni olib ketgandan soʻng ham telefonda gaplashayotgan shaxslar yana vaqtni choʻzadi. Bu vaqtda jinoyatchilar voqea joyidan qochib, yashirinishga ulguradi.

 

Eʼtiborli jihati, oʻzini tergovchi deb tanishtirgan shaxs ruscha ism-sharif bilan oʻzini tanishtirgan boʻladi va tergov qoʻmitasining tergovchisi ekanligini maʼlum qiladi. Barcha ishtirokchilar rus tilida suhbatlashadi.

 

Jabrlanuvchilardan olingan pullar toʻlov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqarib yuboriladi.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, bu kabi holatlar Rossiya va Qozogʻistonda ham bir necha bor kuzatilgan.

 

Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Koʻrilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida Toshkent shahar IIBB tomonidan jinoiy guruh aʼzolari nechtasi qoʻlga olingan.

 

 

 

Ularning orasida Qozogʻiston hamda Qirgʻiziston Respublikalari fuqarolari ham bor.

 

 

Maʼlumotga koʻra, hozirda begunoh yoshlar ham ushbu firibgarlarning jinoiy sheriklariga aylanib qolmoqda. Bunda firibgarlar kuryer sifatida shu mamlakatda yashovchi, guruhga aloqasi yoʻq yoshlarni jabrlanuvchilarning uyiga joʻnatadi. Oqibatda, yoshlar jinoiy ishga sherik boʻlib qoladi.

 

Jabrlanuvchilar esa, asosan, yoshi katta keksalar ekanligi aytiladi.

 

Toshkent shahar IIBB firibgarlikka aldanmaslik uchun fuqarolarni ogohlikka chaqirmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//