Prezident mamlakatimiz ayollarini bayram bilan tabrikladi

Saqlash
22:03 / 07.03.2024 2539 1

Toshkent shahrida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ham ishtirok etib, ayollarga samimiy mehri va hurmatini izhor etdi.

 

 

Biz har yili bu kunni intiqlik, qalbimizda ajib iliqlik bilan kutamiz. Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, moʻtabar ayol zotiga taʼzim qilamiz. Zero, inson qadrini ulugʻlash avvalo aziz-u mukarram ayollarimizni ulugʻlashdan boshlanadi, – degan Shavkat Mirziyoyev.

 

Marosimda jamiyatda ayollarimizning tutgan oʻrni, ularga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida ham soʻz borgan.

 

 

Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

 

Maʼlumki, siyosiy soha boʻyicha saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi boʻlishi zarurligi belgilangan. Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017-yildagi 27 foizdan 35 foizga oshgan.

 

Soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonda ishbilarmon ayollar safi ham ikki baravar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. 400 mingdan koʻpi ish bilan taʼminlandi.

 

Hozirgi kunda oliygohlarda taʼlim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan koʻpini qizlar tashkil etmoqda. Ehtiyojmand oilalarga mansub xotin-qizlar qoʻshimcha davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilinmoqda. Ular uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning kontrakt pulini qoplab berish yoʻlga qoʻyilgan.

 

Shuningdek, soʻnggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollar ilmiy darajalar olgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olgan yoshlarning 47 foizini qizlar tashkil etgan.

 

Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi, – degan Prezident.

 

Davlatimiz rahbari Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili davlat dasturida belgilangan, xotin-qizlarning sogʻligʻini mustahkamlash, bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarga toʻxtalib oʻtgan.

 

Yurtimiz aholisi har yili qariyb 900 mingga koʻpaymoqda. Tadbirda yosh avlodni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muqaddas burchligi aytildi.

 

Biz maʼnaviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz” degan gʻoya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona oʻz farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”. Muhtarama opa-singillarimiz, duogoʻy onaxonlarimizning masʼuliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi, – deya taʼkidlagan Prezident.

 

 

Tadbir davomida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ham oʻz nomzodlariga tantanali ravishda topshirilgan.

1 Izoh

KArip

18:03 / 08.03.2024

8-mart yurtimizdagi barcha ayollarimizni chin qalbimdan tabriklayman

Izoh qoldirish

//