Jamiyat
Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz boʻlgan Navroʻz timsolida asrlar davomida ulugʻlanib, sayqal topib kelmoqda.
Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, shu boradagi necha ming yillik anʼanalarimizga eʼtibor kuchayib borayotgan Yangi Oʻzbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navroʻzning buyuk insonparvarlik mohiyati, oʻlmas gʻoyalari, odamzotni tinchlik va doʻstlikni qadrlab, oʻzaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada goʻzal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham gʻoyat uygʻun va hamohangdir.
Ana shunday noyob fazilatlari bilan bugun ham ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida:
1. 2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlansin.
2. 2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramining barcha tadbirlarini milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda zamonaviy tajribalar asosida yuqori saviyada, ommaviy sayillar shaklida tashkil etish, ularda xalqimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
bayram tadbirlarini bahor ayyomida borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni aks ettiradigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan maʼno-mazmun bilan taʼsirchan usullarda oʻtkazish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini namoyon etish;
Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;
bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navroʻz bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish;
jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyiha va aksiyalar uyushtirish, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navroʻz bayramining ruhi va falsafasiga uygʻun boʻlgan urf-odat, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda ularning koʻrgazma-savdolari va tanlovlarini uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududdagi uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.
4. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda, yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, koʻcha va xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatish;
umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk sanʼati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarini belgilangan tartibda keng jalb etish;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MIRZIYOYEV
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q