Jamiyat
Maʼlum boʻlishicha, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023-yil 16-31 may kunlari respublikamizdagi 71 ta nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari faoliyati oʻrganilgan. Natijada, oliy taʼlim xizmatlarini litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishida bir nechta nodavlat oliygohlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan qator qoidabuzarliklar aniqlangan. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova maʼlum qildi.
Shunday nodavlat OTMlardan biri Namangan viloyatidagi “NAMXU OTM” MCHJ nodavlat oliy taʼlim tashkiloti – Namangan xalqaro universiteti boʻlib, tashkilot talabalarni oʻqishga qabul qilish muddatlariga rioya etmagan hamda vazirlikning HEMIS axborot tizimiga maʼlumotlar kiritmagan. Shuningdek, oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibiga amal qilinmagan. Taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha esa adabiyotlar yetishmasligi aniqlangan. Garchi litsenziya talabi boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun 35% ilmiy salohiyat boʻlishi belgilanganiga qaramay, mazkur nodavlat oliy taʼlim tashkilotida bu koʻrsatgich 17 % ni tashkil etgan. Bundan tashqari, oliy taʼlim tashkilotining hududi ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan taʼminlanmagani, aksariyat oʻquv auditoriyalari, kompyuter xonasi va kutubxona talabga javob bermasligi qayd etilgan. Talabalarni turar joylar bilan taʼminlash holati ham qoniqarsiz deb topilgan.
“Valley innovative university” nodavlat oliy taʼlim muassasasi ham tekshirish jarayonida bir qator litsenziya talab va shartlariga javob bermagan.
Xususan, universitet litsenziyada koʻrsatilgan faoliyat manzilida emas, balki belgilangan talablarga javob bermaydigan va vakolatli organ tomonidan oliy taʼlim turi boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun xulosa berilmagan manzilda faoliyat yuritib kelgan. Muassisning bankdagi hisob varagʻida mavjud boʻlishi lozim boʻlgan mablagʻ toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etilmagan. Taʼlim jarayonini qonunchilik hujjatlari boʻyicha amalga oshirish yuzasidan universitetning ichki tartib-qoidalari hamda oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagan. Universitetda tahsil beruvchi professor-oʻqituvchilar toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmagan va taqdim etilmagan. Ilmiy darajaga va unvonga ega boʻlgan oʻqituvchilarning minimal talablari ham bajarilmagan. Kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxona mavjud boʻlmagan hamda oʻquv adabiyotlari (darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari) bilan taʼminlanmagan. Adabiyotlarning elektron variantlari umuman yetishmasligi aniqlangan.
Shu oʻrinda rasmiy oʻz nutqida litsenziyasi bekor qilingan nodavlat oliygoh talabalarini boshqa taʼlim dargohlariga koʻchirish vazirlik zimmasida ekanligini eslatib oʻtadi.
“Va yana bir muhim jihat – litsenziyasi bekor qilingan oliy taʼlim muassasalarining talabalarini boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish uchun masʼuliyat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi zimmasida boʻlib, talabalar oʻzlari istagan oliy taʼlim tashkilotiga tegishli tartibda koʻchiriladi. Birorta talabaning masalasi eʼtiborsiz qoldirilmaydi. Xususan, Namangan xalqaro universitetining HEMIS axborot tizimiga kiritilgan 5876 nafar talabasidan oʻqishga koʻchirish boʻyicha ariza olish jarayoni 16 fevraldan boshlandi. 19 fevral holatiga 5148 nafar talabadan arizalar olindi”, – deydi Nazokat Abduqunduzova AOKAda oʻtkazilgan brifingda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q