Madaniyat
Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan “Xalqlar doʻstligi” maydonida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon” shiori ostida tantanali bayram tadbiri oʻtkazilmoqda.
Olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼat va madaniyat namoyandalari ishtirokidagi tantanali tadbir avvalida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraganda ozod Vatanimizga nisbatan qalbimizda faxr-iftixor hissi joʻsh urishi, bu sado azmu shijoatli xalqimizning kuchiga kuch bagʻishlab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga daʼvat etishi xususida soʻzladi.
«Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilish toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan kunni yoshi ulugʻlar hayajon bilan eslaydi. Bu insoniyat olamida buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq va millatning joni ruhiga tutash orzu-umidlar, orzu maqsadlari mujassamidir. Qancha kamsitishlarga qaramay, millatini ulugʻlab kelgan, shu boisdan ham vatanga baxshida sheʼrlari mustabid tuzum davridayoq millat madhiyasiga aylanib ketgan Abdulla Oripov armonlarining ham ushalishi edi. Madhiya millatning milliy gʻoyasi kabidir. Yuksak orzu-maqsadlari ifoda etilgan qalb qoʻshigʻi, yuksalish alyoridir. Bu iftixor, bu ruh, azmi shijoat ifodasidir. Bunda mardlik mujassam.
Keling, aziz yoshlar! Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik. Nima uchun davlat rahbarimiz ishtirok etgan oliy darajali uchrashuvlarda, yurtimiz vakillari qatnashadigan siyosiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda davlatimiz bayrogʻi baland koʻtarilib, madhiyamiz yangraganda, qalblarimiz jumbushga keladi? Nima uchun vatanimiz sportchilari yurtimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarib, madhiyamiz baralla yangraganda, koʻzimizda yosh bilan ularni bagʻrimizga bosgimiz keladi. Nega deganda, mazkur qoʻshiq bu yorugʻ dunyoda Oʻzbekiston degan qutlugʻ diyor borligini ifoda etadi», – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov.
Tadbir doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorlikda oʻtkazgan “Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri” aksiyasi doirasida har bir hududdan aniqlangan 5 nafardan eng faol, intiluvchan gʻolib yoshlar hamda ota-onalari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning harbiy orkestrlari, professional xor jamoalari, estrada xonandalari ijrosidagi Vatanni tarannum etuvchi goʻzal kuy-qoʻshiqlar, taniqli shoir tilidan yangragan sheʼrlar bayram shukuhiga yanada koʻtarinkilik baxsh etmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q