Bursada Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetining markazi ochildi

Saqlash
19:37 / 10.02.2024 1467 0

Taʼkidlash lozim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan bir nechta xorijiy davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilmoqda. Jumladan, shu kungacha Xitoy, Rossiya, Hindiston Qirgʻiziston singari davlatlarda ana shunday markazlar ochilib, faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

 

Bundan maqsad – milliy tilimiz va adabiyotimizni xalqaro maydonda keng targʻib qilish, Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va tiliga qiziquvchi xorijlik tadqiqotchilar, koʻngillilar uchun imkoniyat yaratish.

 

Joriy yilning 8-fevral kuni Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludagʻ universitetida ham Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Markazning tantanali ochilish marosimida soʻz olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov barcha marosim ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, ushbu markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Jumhuriyati Prezidenti Rejeb Toyyib Erdoʻgʻan tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi. U, shuningdek, yaqin orada Oʻzbekistonda ham Turkiyaning Yunus Emro fondi vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ham maʼlum qilgan.

 

Turkiyada ochilgan mazkur markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan taʼminlanadi.

 

Tadbir davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ushbu markazga 200 dan ortiq ilmiy, badiiy va ommabop kitoblar, oʻzbek milliy amaliy sanʼat buyumlari, cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.

 

Xabarda aytilishicha, ushbu markazda bundan buyon muntazam ravishda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazilib, oʻzbekistonlik olimlarning maʼruzalari, oʻzbek shoirlari, yozuvchilari, sanʼat vakillarining uchrashuvlari tashkil etiladi.

 

“Markaz ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniyatlarni yaqinlashtirish, taʼlim muassasalarining oʻzaro tajriba almashishida ham muhim oʻrin tutishi har ikki mamlakat vakillari tomonidan taʼkidlandi va bunday ezgu tashabbuslar maʼqullandi”, – deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//