“Sharq” nashriyoti binolari Moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatidan chiqarildi

Saqlash
15:29 / 23.01.2024 1312 0

“Sharq” nashriyot-matbaa korxonasining Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolari Moddiy madaniy meros agentligining ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan chiqarilgan. O‘zbekiston Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — “Lex.uz”dagi Milliy ro‘yxatga kiritilgan o‘zgartishlar shundan dalolat bermoqda. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar berdi.

 

O‘zbekistonda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi qarori bilan shakllantirilgan. Qarorning ilovasining avvalgi tahririda Toshkent shahridagi moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatida 87-raqam ostida 1927-yilda qurilgan “Ilgarigi „Pravda Vostoka“ gazetasi bosmaxonasi binosi”, 88-raqam ostida esa XX asr davomida shakllangan “Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi binolari” ko‘rsatib o‘tilgandi.

 

Qaror ilovasiga Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-yanvardagi 28-sonli yangi qarori asosida o‘zgartirish kiritilgan. Yangilangan qaror ilovasida Toshkent shahridagi moddiy moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatida 87 va 88-obyektlar yo‘q, ro‘yxatda 86-obyektdan keyin 89-obyekt keladi.

 

 

 

 

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-yanvardagi 28-sonli qarori ochiq e’lon qilinmagan, “Lex.uz” bazasida ham unga jonli havola berilmagan.

 

Davaktiv va Madaniy meros agentligi mojarosi

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2023-yil 20-sentabrida “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi binolari va O‘zA binosini yagona mulkiy majmua sifatida savdoga (xususiylashtirishga) qo‘ygan edi. Bu yangilik jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqargan edi. Shuningdek, Madaniy meros agentligi har ikkala bino O‘zbekiston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilganini eslatib, ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish bergan edi.

 

Agentlik o‘z bayonotida “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilanganini ham qayd etib o‘tgandi.

 

Shundan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi obyekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros obyekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo‘yicha birgalikda ish tashkil etishga kelishib olinganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, agentlik Toshkent ramzlaridan biri hisoblangan 16 qavatli modernizm yodgorligi — O‘zA binosi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilmaganini ko‘rsatib o‘tgandi.

 

Shuningdek, Davaktiv “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yo‘l qo‘yilishi mumkinligini alohida eslatib o‘tgandi.

 

DXXning eski binosi taqdiri

 

Avvalroq Buyuk Turon ko‘chasidagi boshqa bir inshoot — Davlat xavfsizlik xizmatining to‘rt qavatli sobiq qarorgohi shu tariqa xususiylashtirilgan edi. Moddiy madaniy meros obyektlarining 2019-yilda shakllantirilgan va hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatida DXX eski binosi ham bor. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-iyundagi (yopiq) qarori bilan bino ro‘yxatdan chiqarilgan. Shu kunning o‘zida Davaktiv ushbu bino Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga aloqador kompaniya tomonidan sotib olinganini e’lon qilgan. 2023-yil iyulida binoni buzish ishlari boshlandi. Uning o‘rnida, jumladan, 22 qavatli mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//