“Daraxtlarni kesishni bas qiling”. Faollar toza havo uchun fleshmob uyushtirdi

Saqlash
14:37 / 15.01.2024 955 1

O‘zbekistondagi taniqli faollar, jumladan, blogerlar 12-yanvar kuni Toshkent shahri markazida #tozahavokerak heshtegi ostida fleshmob uyushtirdi. Ushbu fleshmobdan maqsad odamlar va hukumat e’tiborini ekologik muammolarning yomonlashuviga, xususan, havo sifatining buzilishiga qaratish bo‘ldi.

 

 

Aksiyada ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (O‘rikguli), xonanda Konsta, stendaper Mirshakar Fayzulloyev, blogerlar Umid Gafurov (Troll.uz), Mirzayor Erkinov, YouTube’dagi podkastlar hammuallifi Sarvinoz Tolibayeva, YouTube’dagi Texnoplov loyihasi muallifi Sadulla Abdullayev, YouTube’dagi Teacher Azam loyihasi muallifi Azam Qahramoniy va boshqalar ishtirok etdi.

 

 

 

 

 

 

 

 

“Hukumat bir martalik emas, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan va qat’iy choralar bilan chiqishini kutyapman. „Muammo hozir bor, buni hozir yechamiz“, deb yechim bermasdan, 10 yildan keyin bunday natijaga erishamiz, 20 yildan keyin bunday natijaga ega bo‘lamiz, deydigan uzoq muddatli yechim xohlayapman. Vaziyat yaxshi tarafga o‘zgaradi, degan umiddaman, chunki odamlar ham, faollar ham, hukumat ham befarq emas. Hamma birlashsa, hamma bu muammoning muhimligini tushunsa, albatta, yaxshi tomonga o‘zgaradi”, — deydi Mo‘tabar Xushvaqtova.

 

“Men bu holatning to‘liq, kerak bo‘lsa, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda batafsil tahlil qilinishini kutyapman. Bir tomonlama tahlillar masalani hal qilishga yordam bermaydi. Shuning uchun to‘laqonli, kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishlarini xohlar edim. Men vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini kutyapman, menimcha, hamma buni kutmoqda”, — degan bloger Umid G‘ofurov.

 

O‘zbekistonda daraxtlar kesilishi, yashil hududlarda qurilishlar qilinishi, havo sifati yomonlashishi muammolari haqida bir necha yildan buyon yozib kelinadi, ammo hukumat tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmagan. Bu yil esa havo sifati buzilishining tashqi belgilari yaqqolroq ko‘rina boshladi va ekologiya masalasi yanada dolzarblashdi.

1 Izoh

Bexruz

15:01 / 15.01.2024

Shunchaki daraxt ekib qóyish emas, balki, órmon barpo qilish kerak 5 yoki 10 gektar har xil joylarga daraxt ekmasdan bitta joyda 100 gektarlab daraxt ekib, órmonlar barpo qilish kerak ularni parvarish qilish kerak. Shunda daraxtlar bir biriga suyanchiq bóladi Jazoni amaliy qilish kerak. Daraxt kesgan odamning boshida turib yuzlab daraxt ekishga majburlash kerak Teledasturlarda tarģib qilish kerak Eng asosiysi fermerlarga vazifa yuklash kerak daraxt ekish bóyicha. Uning vazifasi faqat ekin ekish emas Kóngillilarni yiģib duch kelgan bósh joyga darqxt ekib ketaverish kerak Daraxt ekish uchun qandaydir expert yoki professional kerak emas

Izoh qoldirish

//