Siyosat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov
O‘zbek xalqi og‘ir judolikka uchradi. Mashhur diniy ulamo, atoqli jamoat arbobi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov shu yil 15 avgust kuni 71 yoshida vafot etdi.
U.Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ildi. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil oldi.
U muqaddas dinimiz asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida samarali faoliyat olib bordi. Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy abadiy orom topgan tabarruk ziyoratgohda olib borilgan keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlarida yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatlarini namoyon etdi.
Usmonxon domla o‘zini “Imom Buxoriyning xodimi” deb hisoblar va bunday sharafli nom bilan doimo faxrlanar edi. U muhaddislar sultoni bo‘lmish buyuk bobomizning hayoti va ijodi to‘g‘risida yurtimizda birinchilardan bo‘lib “Imom Buxoriy barakoti” asarini yozgan yetuk ulamo edi.
2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi lavozimida sidqidildan mehnat qilib, katta bilim va hayotiy tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.
U.Alimov 2006 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi. O‘tgan davr mobaynida u respublikamizda ijtimoiy-ma’naviy, diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash, dinimizning insonparvarlik mohiyatini asrash va keng targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, sohada malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga beqiyos hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan diniy sohadagi islohotlar, xususan, yangi madrasa va masjidlarning ochilishi, Qur’on o‘qitish kurslarining tashkil qilinishi, Qur’oni karimning arab va o‘zbek tillarida chop etilishi, idora qoshida axborot markazining tashkil etilishi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, musulmon mamlakatlari va xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarning mustahkamlanishi kabi xayrli ishlarda muftiy hazratning xizmatlari katta bo‘ldi.
Usmonxon Alimov yurtimiz musulmonlarining hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘lish bilan birga, nafaqat Markaziy Osiyoda balki musulmon dunyosida yuksak obro‘-e’tibor qozongan ulkan ilm va ma’rifat sohibi sifatida e’tirof etilgan zot edi.
U 2012 yilda Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylandi. So‘nggi yillarda Iordaniyaning Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan e’lon qilinadigan “Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi.
U.Alimov islomning barcha ilmlari sohasida tan olingan benazir olim edi. Unga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy doktori unvoni berilgan edi. Muftiy hazratning qalamiga mansub “Tafsiri Irfon” asari Qur’oni karim ma’nolarini ona tilimizda mahorat bilan aks ettirgan muhtasham kitobdir.
Olimning “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Oilada farzand tarbiyasi” kabi o‘nlab kitoblari, yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalari el-yurtimiz o‘rtasida ma’lum va mashhur bo‘ldi.
U.Alimov hamisha odamlar bilan birga, xalqning dardu quvonchiga sherik bo‘lib yashadi. Aholining ma’rifiy savodxonligini oshirish maqsadida “So‘ragan edingiz” degan maxsus rukn tashkil qilib, jamoatchilikni qiziqtirgan ko‘plab bahsli masalalarga yillar davomida javob va yechim topib berdi.
U.Alimov davlatimiz va xalqimiz oldidagi unutilmas xizmatlari, jamiyatimizda bag‘rikenglik va dinlararo totuvlik muhitining mustahkamlanishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Xalqimizning ajoyib farzandi, mashhur ulamo, atoqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Usmonxon Alimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.Minovarov, S.Turdiyev, S.Toshboyev
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q