O‘zbek tilini B1 darajada biladigan o‘zbeklar, yashash amalini egallamagan kishilar haqida “Tafakkur” jurnalining yangi sonida o‘qing

Saqlash
02:47 / 27.12.2023 1897 0

“Diqqat qilsak, insoniyat tarixida kechgan jamiki bosqinlardan maqsad – istilo qilingan elni yashashni unutib, tirikchilik qilibgina kun o‘tkazishga ko‘ndirish bo‘lgan. Hozir ham dunyoning ko‘plab nuqtalarida ana shu bosqin bor ko‘lami bilan davom etmoqda.” Rahmon Qo‘chqorning “Oltindan tarozi, olmosdan tosh...” maqolasida ongimizda, dunyoqarash va kayfiyatimizda isloh qilinishi, o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan nuqtalar haqida so‘z borgan. Maqolaning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2023-yil 4-sonida o‘qing.

 

“Biz hozir faqat qonuniy asoslarga urg‘u berish, uni talab qilishga odatlanib qoldik. Ilmiy, ta’limiy masalalarga e’tibor esa ko‘ngildagidek emas: imlo va talaffuz me’yorlari bo‘yicha tadqiqotlar deyarli yo‘q. Tilimizning faqat yozma me’yorlari o‘rganilgan, jonli og‘zaki nutq esa tuzuk-quruq tadqiq etilmagan. Bu, ayniqsa, o‘zbek tilini xorijliklarga, adabiy tildan yiroqroq sheva vakillariga o‘rgatishda muammo tug‘dirmoqda. Tilshunoslik va kosmopolitizmdan voz kechib, fanni hayotga, jamiyat ehtiyojlariga yaqinlashtirish kerak.” Tilshunos olim Baxtiyor Mengliyevning milliy til, taraqqiyot formulasi, shaxs ma’naviyati xususidagi mulohazalari bilan  “Zohiran taraqqiyot, botinan...” suhbatida tanishing.

 

“Shu kunlarda Uyg‘onish ma’rifati haqida ko‘p so‘zlanyapti. Axloqiy bezanish, ilmlarni o‘zlashtirishgina emas bu. Uyg‘onish ma’rifati – uyg‘onish og‘riqlariga chidamoq hamdir. Cho‘lpon yuz yil avval “Yozilmog‘onmi bu tunlar ortida tong otmoq” deya hayqirgan edi. Tong otdi, ammo bu she’rlar bugun ham yuragimizni yoqadi, millatni ma’rifat va hushyorlikka da’vat etadi. Ularning hech biri eskirgan emas. Mirmullo Shermuhammad o‘g‘li bayozda yozganidek, barchasi ruhan, ma’nan qadni tik tutish haqida. Qolaversa, Vatan yo‘lidagi mangu tashnalik, mangu bezovtalik haqida. Zotan, mangu tashnalik, mangu bezovtalik bizdan tashqarida emas.” “Javondagi javohir” ruknida “Rostin aytaman sizga” sarlavhasi bilan e’lon qilingan kitobxonning “yurak ustida saqlangan kitolar”i tahlili bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Donish uyi”, “Izhorlar va iqrorlar” maqolalari, “Katena” hikoyasi, “San’atkor va taxayyul” hamda “Foniylik” – Zigmund Freyddan tarjimalar, “Yashamoq – yaratmoq” mohiyat jilolari o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Siyosiy madaniyat qanday shakllanadi”, “Qayta tug‘ilish ramzlari”, “Sohibqiron sabog‘i”, “Silsilai sharifning yetti halqasi” maqolalari e’lon qilingan.

 

Buyuk musiqachi Lyudovig van Betxovenning “Faqat san’at va ilm-u fangina insonni ilohiy haqiqatga qadar yuksaltiradi” hikmati “Haqiqat xizmatida” berilgan. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida keltirmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur”ni o‘qing, san’at va ilm-fanga oshno bo‘ling, ilohiy haqiqatga qadar yuksalib boring!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//