“Xoja Ahror Valiy aybdormi yoxud kanadalik olim nega chalkashgan?”, “Ma’naviyat bozorga chiqarilmaydi”, “Xo‘rozning dumi bormi?” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
22:39 / 26.12.2023 1723 0

“Bugun ma’ruzalar vaqti o‘tdi. Bolalarni aniq, real hayotga ishontirish, fikrlashga, tafakkur qilishga o‘rgatish payti keldi. Aslida milliylik degani bir hududda yashayotgan odamlar hayotiga daxldor ma’naviy butunlikdir...” “Tushunmaydigan odam yo‘q, tushuntira olmaydigan rahbarlar bor” suhbatida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning ma’naviyat, milliy qadriyatlar, yosh avlod tarbiyasi, burch haqidagi mulohazalari o‘rin olgan. Suhbatning to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2023-yil 4-sonida tanishing.

 

“Xalq adabiyot va san’atning ma’rifati bilan, bilim va tafakkurning qudrati bilan uyg‘onadi. Ko‘pchigan bema’ni baqir-chaqirlar, urho-sur, toloto‘plar, bir-birining ustiga mag‘zava to‘kishlar bilan xalq emas, aksincha, olomon uyg‘onadi. Eng murakkab, og‘ir yillarda Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari qalblarni uyg‘otadigan, millatni uyg‘otadigan qo‘shiqlar bo‘ldi. Xo‘sh, bu qo‘shiqlar qanday paydo bo‘lgan?” Jurnalning “O‘tganlar yodi” ruknida O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning umr va ijod xaritasi haqidagi “Tog‘ hayqirig‘i” maqolasi e’lon qilingan.

 

“Aslida zavodlardan chiqayotgan zararli gazlarni kamaytirish, mashinadan kamroq foydalanish ham suvni tejash degani. Zero, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik xavfi bizning yashab turgan hayotimizga shu qadar yaqin kelib qoldiki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.”  “Suvsayotgan zamin dardi” maqolasida tabiatdan uzoqlashayotgan odamlar va globallashayotgan suv muammosi haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Xo‘rozning dumi bormi?”, “Qondoshim – qarindoshim”, “Hayratlar xiyoboni”, “Olimlik va odamlik mezonlari”, “Meni hazrat Navoiy qutqarib qoldi...”, “Xudo yoqqan chiroq” maqolalari, “Otamning do‘stlari bolalar” xotirasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Odamning 9 holi”, “Qaltis savollarga nozik javoblar”, “Xudo yoqqan chiroq” haqida so‘z boradi.

 

“Odam – atama emas, unvon, unvon bo‘lganda ham juda yuksak unvon. Bu yuksak unvonga munosib bo‘lish uchun bir umr intilish kerak.” “Rasul Hamzatov ogohlantiradi” sarlavhasi ostida e’lon qilingan hikmatlardan olingan bu ogohlantirishni jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot” bilan odamlik unvonini mustahkamlab boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//