Madaniyat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab boʻlayotgan “Tik Tok Fest” boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi

Saqlash
16:33 / 06.12.2021 981 0

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi “Humo Arena“ kompleksida boʻlib oʻtishi eʼlon qilingan «Tik Tok Fest” shou-konsert dasturi yuzasidan vazirlikka qaratilgan fikr-mulohazalarga rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, bu kabi shou-konsert tomoshalarini tashkil etish Madaniyat vazirligi tomonidan emas, xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF- 6044-son Farmoni 2-ilovasi 32-bandiga muvofiq, konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish vakolatli boʻlgan — Ichki ishlar vazirligi, Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Shu asosda, konsert-tomoshalarning saviyasi, mazmun-mohiyati, gʻoyasini tahlil qilish, tomosha boʻyicha yakuniy xulosalar berish ham Mahalliy ijroiya hokimligi huzurida tashkil etilgan tuzilmaning vazifasi hisoblanadi. Shu bois, Madaniyat vazirligi «Tik Tok Fest" shou-konserti yuzasidan barcha savol va mulohazalarni yuqorida keltirib oʻtilgan vakolatli mutassaddi organlarga yoʻllashni tavsiya qilgan.

 

 “Madaniyat vazirligi “Tik Tok Fest” shou-konsertini maʼnaviy jihatdan yoshlar ongiga, dunyoqarashiga salbiy taʼsir etadi, deb hisoblaydi. Oʻylaymizki, bu kabi ommaviy tadbirlarni tashkil etayotgan mutasaddilar ana shu jihatlarni hisobga olib, bu masalaga jiddiy yondashadi”, deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//