“Baxti Tashkentskiy” qoʻlga olindi

Saqlash
15:21 / 04.12.2023 1705 0

Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan “Baxti Tashkentskiy” va “Baxti Yangiabadskiy” laqablari bilan tanilgan 52 yoshli Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev qoʻlga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi (juda koʻp miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

 

Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (oʻta yirik miqdorda tovlamachilik) bilan gumon qilinayotgan 43 yoshli Dilshod Toʻlqinovich Sharipov va 51 yoshli Anvar Boborajabovich Mirzoxonov ham qoʻlga olingan.

 

 

 

Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yoʻli orqali pul mablagʻlarini qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritish bilan shugʻullangan.

 

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Baxtiyor Qudratullayev, Anvar Mirzoxonov va Dilshod Sharipov protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda.

 

“Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslardan yoki guruh aʼzolaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi IIBB bayonotida.

 

Qayd etish kerak, Toshkent shahar IIBB poytaxtda huquq-tartibot idoralari tomonidan “koʻcha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qoʻlga olish boʻyicha keng koʻlamli reydlar oʻtkazilayotgani haqida xabar bergandi. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan.

 

Shuningdek, tezkor chora-tadbirlar Fargʻona viloyatida ham oʻtkazilayotgani haqida xabarlar yangragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//