Oʻzbekiston davlat qarzi 31,5 mlrd AQSH dollarga yetdi

Saqlash
20:20 / 08.11.2023 1547 0

2023-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekistonning davlat qarzi 31,5 mlrd AQSH dollarni tashkil etib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni (davlat tashqi qarzi — 30,2 foiz) tashkil etdi. Shundan davlat tashqi qarzi — 25,9 mlrd AQSH dollar, davlat ichki qarzi — 5,6 mlrd AQSH dollar. Ushbu maʼlumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining Byudjetnomasida keltirilgan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oʻzining mamlakatlar iqtisodiyotiga bagʻishlangan hisobotida Oʻzbekistonning davlat qarzini “moʻtadil” deya baholagan.

Bugungi kunda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etayotgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich 2020-yilda 39 foizni, 2021-yilda 38 foizni, 2022-yilda esa 36,4 foizni tashkil etdi.

Dastlabki tahlillarga koʻra, oʻrta muddatda makroiqtisodiy hamda fiskal koʻrsatkichlarning barqarorligi taʼminlangan sharoitda, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2024-yilda 37,0 foizni, 2025-yilda 37,4 foizni, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, davlat tashqi qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati oʻrtacha 30 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻrta muddatli istiqbolda quyidagi choralar koʻrilishi koʻzda tutilgan:

Davlat qarzi boʻyicha yillik limitlarni belgilash amaliyotini davom ettirish;

milliy valyutada qarz mablagʻlarini jalb qilish orqali valyuta xatarlarini kamaytirish.

Bunda, davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini chiqarishning cheklangan sof hajmini 2024-yilda 25 trln soʻm etib belgilash;

eng maqbul xarajat va xatar koʻrsatkichlariga ega davlat qarzi portfelini shakllantirishga qaratilgan oʻrta muddatli davr uchun davlat qarzini boshqarish strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

davlat qarzini toʻlashning oʻrtacha muddatini uzaytirish, shuningdek, davlat qarzini manbalar boʻyicha diversifikatsiya qilish;

davlat gʻaznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni keng jalb qilish jarayonini jadallashtirish;

davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish;

davlat qarziga oid maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2022-yil uchun davlat qarzi boʻyicha sharhida mamlakat yil davomida qaysi tashkilotlardan qancha tashqi qarz olgani va qaysi sohalarga yoʻnaltirgani boʻyicha maʼlumot bergandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//