Farg‘onada adabiyot kunlari bo‘lib o‘tmoqda

Saqlash
11:12 / 03.12.2021 1455 0

Shu kunlarda Farg‘ona viloyatida katta adabiyot bayrami bo‘lib o‘tyapti. Viloyat hokimining farmoyishiga ko‘ra, 1-3-dekabr kunlari farg‘onalik adabiyot darg‘alari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan uchrashuv va xotira kechalari tashkillashtirilmoqda.

Jumladan, 1 dekabr kuni Qo‘qonda ustoz Umarali Normatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha, Rishtonda “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoniga munosib ko‘rilgan yozuvchi Isajon Sulton bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 2 dekabr kuni Erkin Vohidov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan shoir nomidagi ijod maktabida, o‘sha kuni Oltiariqda Anvar Obidjon ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi.

Bugun, 3-dekabr kuni esa Farg‘ona shahrida Saydali Odilov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv, markazdagi San’at saroyida nazm va navo kechasi nishonlanadi. Kechada Erkin Vohidov va Anvar Obidjon she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar tanlovi yakuni e’lon qilinadi va shoirlar ijodiga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.

Tadbirlar davomida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova farg‘onalik adabiyot darg‘alarining ijod va hayot yo‘llari haqida so‘zladilar. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov haqida hujjatli lavha, Isajon Sulton qalamiga mansub “Navoiy” romanidan parcha Qo‘qon shahar musiqali drama teatri hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialida namoyish etildi. Shuningdek, 14 nafar farg‘onalik ijodkorlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Shahardagi “Ijodkorlar bog‘i”da ishtirokchilar Erkin Vohidov haykali poyiga gullar qo‘yib, shoir shaxsiga ehtirom ko‘rsatdilar. So‘ng shoir tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy anjuman, hayot va ijod yo‘llari aks etgan “Tirik sayyora” hujjatli filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Adabiy-badiiy kecha so‘ngida “Tong nafasi ilhomlari” tanlovi hamda Erkin Vohidov stipendiyasi g‘oliblari taqdirlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish