Ibrohim Haqqul haqiqatlari, sotuvga qoʻyilgan Yaponiya va tilingan oʻzbek tili haqida “Tafakkur” jurnalining yangi sonida oʻqing

Saqlash
15:38 / 25.10.2023 1344 0

“Oʻzlik ijtimoiy kategoriya ekan, u bevosita shu makonning tarixiy tajribasiga tayanishi kerak. Jamiyatimizda esa haligacha “yevropalashish”, “turkiylashish”, “milliylashish”, “islomlashish” qutblari oʻzaro ixtilofda. Demak, muammo aniq, endi unga oqilona yechim topmoq lozim”. “Tafakkur” jurnalining 2023-yil 3-sonida Baxtiyor Alimjonovning “Oʻzanini izlayotgan oʻzlik” maqolasini oʻqing.

 

“Qoʻmita”ni – “koʻmita”, “bogʻcha”ni “bogcha” (yoki undan ham yomoni – “sadik”), “xoʻja”ni “xodja”, “haj”ni “xadj” deydiganlar shundoq ham koʻpayib bormoqda. Agar singarmonizmni inkor qilib yuraversak, ziyolilarimiz orasida “qi”lab, “gʻi”lab, “ji”lab, “ng”lab gapiradigan; “ni” bilan “ning”ning farqiga boradigan odamning oʻzi qolmaydi” – Murtazo Qarshiboyning “Tilim-tilim tilingan tilim” maqolasida millatning tili va taqdiri haqidagi xavotirlar, mulohazalar bilan tanishasiz.

 

“Inson ixtiyorsiz ravishda tevarak-atrofida uchraydigan turli hodisalarning sabablarini izlaydi, oʻzi duch kelgan muammoli vaziyatlarni, oqibatlarni tahlil qiladi, baholaydi va shunga tayanib toʻgʻri qaror qabul qilishga intiladi. Mohiyatni bilish muammolarni hal qilish kaliti sanaladi” – Baxtiyor Mengliyev “Janobi mohiyat” maqolasida oʻquvchini fan, sanʼat va adabiyotdagi mohiyat tushunchalarini anglashga undaydi.

 

Atoqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul hayotida bosh haqiqatlar bor: Vatan, Tarix, Til, Xalq, Erk, Ishq... Bularning har biri qismatni hal etadigan tushunchalardir. Adabiyot – diyonatli yurak ishi. Adabiyotsiz yashashni koʻzlash – millat qismati, maʼrifat, maʼnaviyat, ruhoniyat borasidagi fikrlarning bari omonat va keraksiz deganidir. Taniqli adabiyotshunosning hayot haqiqatlarini jurnalning yangi sonida oʻqing.

 

 

“Yaqinda rejissor Akbar Bekturdiyev suratga olgan “Oʻzbek qizi” degan badiiy filmni koʻrdim. Tomoshabob kino. Yangicha obrazlar, oʻziga xos topilmalar bor. Lekin voqelikka yondashuv hamon eskicha. Nohaqliklardan toʻygan Jamila urushga boradi, malʼun dushmanlarni ayovsiz qiyratib qahramonlik koʻrsatadi... Narigi tomonning ahvoli bilan hech kimning ishi yoʻq. Axir urush jahon chempionati yoki olimpiada oʻyinlari emaski, askar raqibini magʻlub qilgani uchun medal taqib qaytsa! “Urush qahramoni” oʻzi singari odamlarni oʻldirgani uchun koʻksiga nishon taqadi. Nazarimda, bu qahramonlik emas. Global dunyoda urush va inson munosabatlariga bunday qarab boʻlmaydi”. “Javondagi javohir” ruknida adabiyotshunos Safarali Qurbon “Aybnomami yoki afvnoma?” maqolasida oʻzi sevib oʻqigan asarlar haqida mulohaza qiladi.

 

Shuningdek, jurnal sahifalarida Viktor Alimasovning “Ilmiy inqilob dargʻasi” maqolasi, Sakyo Komatsuning “Yaponiya sotuvga qoʻyiladi”  hikoyasi, sanʼatshunos Aleksey Ulko bilan “Basirat koʻzi ochilsa” suhbati eʼlon qilingan. 

 

“Tafakkur” jurnalining 2023-yil 3-soni elektron shaklini ushbu havola orqali oʻqishingiz mumkin.

 

Oyina.uzni Telegramda kuzating

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//