Siyosat
Qonunchilik palatasi majlisida “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyihada O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur‘ati 2026-yilda 6,6% ga oshib, aholi jon boshiga $4686 ni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. O‘sish sur‘atlari esa, sanoatda 6,4%, qishloq xo‘jaligida 4,2%, bozor xizmatlarida 14,5%, qurilishda 10,2% bo‘lishi prognoz qilingan. Inflyatsiya darajasining ko‘rsatkichi kamayishi kutilmoqda.
Majlisda deputatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ko‘lamini kengaytirish, sun‘iy intellektni rivojlantirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ma‘qulladi.
Muhokamalarda deputatlar byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali, oqilona foydalanish borasida davlat organlari va tashkilotlarining mas‘uliyati va javobgarligini ta‘minlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini olib borishi lozimligini ta‘kidladi.
Majlisda qatnashgan 125 nafar deputatdan 124 nafari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, yana bir nafari ovoz bermadi. Tasdiqlash uchun byudjet yana ikkita o‘qishdan o‘tishi va Senat tomonidan ma’qullanishi kerak.
Majlisda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov budjet taqchilligi haqida fikr bildirdi.
Jamshid Qo‘chqorov byudjet taqchilligi nominal ko‘rsatkichlarda oshib borayotganini tan oldi, biroq uning real miqdorini faqat YIMga nisbatan baholash mumkinligini ta‘kidladi.
“Masalan, 2023-yilda budjet taqchilligi YIMning 5% ni tashkil etgan. 2026-yilda taqchillik 59 trln so‘m bo‘lsa, nominal jihatdan ko‘proq ko‘rinadi, ammo uni YIMga nisbatan olayotganimizda real holat namoyon bo‘ladi”, — dedi Qo‘chqorov.
Bunda iqtisodiyot yaratgan qiymatning qanchasi budjetga tushayotgani, qanchasi xarajat qilinayotgani muhim hisoblanadi. Qo‘chqorovga ko‘ra, taqchillik — daromad va xarajat o‘rtasidagi farq. Uning yalpi nominal miqdori esa hech narsani anglatmaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari taqchillik doimiy bo‘lishi kerakmi, degan savolga javob berar ekan, tarixga murojaat qildi. U uzoq yillar davomida profitsit bilan ishlangan davrlar bo‘lganini, biroq bu ijobiy holat sifatida baholanishi qiyinligini ta‘kidladi.
“Profitsit bo‘lgan davrda bu zo‘r edi, deb aytolmayman. Chunki o‘sha paytda byudjet taqchilligini moliyalashtirish uchun hech kim bizga kredit bermasdi. Rasmiy ravishda ayta olaman. Islohotlar yo‘q edi, so‘m erkin konvertatsiya qilinmasdi, soliq siyosati boshqacha edi. Oxirgi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlar o‘sha davrda mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun ham bizga taqchillikni qoplash uchun kredit berilmagan”, — dedi iqtisodiyot va moliya vaziri.
“Byudjet taqchilligi qachon o‘z vazifasini bajaryapti, deb aytamiz? Qachonki mamlakatda iqtisodiy o‘sish mavjud bo‘lsa. Agar iqtisodiyot o‘smayotgan bo‘lsa, taqchillik — qo‘shimcha pul chiqarib iqtisodiyotni rag‘batlantirishga urinish bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Qo‘chqorov.
U fiskal rag‘batlantirishning to‘g‘ri qo‘llanishi haqida ham to‘xtaldi. Jamshid Qo‘chqorovning fikricha, agar mamlakat qarz olib, uni iqtisodiyotga yo‘naltirsa-yu, iqtisodiy o‘sish kuzatilmasa — bu noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
“Xudoga shukr, biz har yili yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlariga erishyapmiz. Bu yil 7% dan kam bo‘lmaydi, deb o‘ylayapmiz. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,3% ga o‘sadi, deb prognoz bermoqda”, — dedi iqtisodiyot va moliya vaziri.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
109832
Jamiyat
94195
Jamiyat
90018
Jamiyat
73208
Jamiyat
//
Izoh yo‘q