Prezident Qashqadaryoga tashrifi chogʻida rejadan tashqari tarzda Qarshi tuman shifoxonasida boʻldi

Saqlash
22:04 / 24.10.2023 1454 0

Prezident Qashqadaryoga tashrifi chogʻida rejadan tashqari tarzda Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi binosi oʻtgan asrning 60-70-yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemor oʻrniga va poliklinika 250 qatnovga moʻljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

 

 

Prezidentimiz tibbiy boʻlimlar va xonalarga kirib, asl ahvolni koʻzdan kechirgan, bemorlar bilan suhbatlashgan.

– Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning 3 yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, ogʻirini yengil qilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yoʻldan oʻtib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni oʻzim koʻrib, oddiy odamlar bilan koʻproq muloqot qilib, qaror qabul qilish – mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, taʼlim bilan tibbiyot sifatli boʻlsa, odamlar rozi boʻladi. Koʻp joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga maʼqul emas. Bugun koʻrganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz, – degan Shavkat Mirziyoyev.

 

 

“Mutasaddilarga boʻlajak majmua oʻrni va loyihasi boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu tariqa bu maskan boshqa tuman shifoxonalari xodimlari uchun oʻquv-amaliyot markaziga aylanadi.

 

 

Shuningdek, tashrif chogʻida kadrlar salohiyatini va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, shifoxona atrofini tartibga keltirish masalalari ham aytib oʻtildi”, deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//