“Dok-1 Maks” ishlab chiqaruvchilari siropni bemorlarga tavsiya qilgan shifokor, hamshira va dorixona xodimlarini doimiy rag‘batlantirib kelgan

Saqlash
21:27 / 24.10.2023 1271 0
Foto: Daryo.uz

“Dok-1 Maks” ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan hindistonlik tadbirkorlar kamida 65 nafar o‘zbekistonlik bolaning o‘limiga sababchi deya qaralayotgan siropni bemorlarga muntazam ravishda tavsiya qilib kelgan shifokor, hamshira va dorixona xodimlarini rag‘batlantirib borgan. Bu haqda mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan sudning 23-oktyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan navbatdagi majlisida so‘z bordi.

 

Navbatdagi sud majlisida ko‘rsatma bergan Soliq qo‘mitasi vakilining so‘ziga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar “Dok-1 Maks” siropini bemorlarga tavsiya qilgan va uning ko‘proq sotilishiga hissa qo‘shgan shifokorlarga 5 milliard 57 million so‘mlik rag‘bat puli to‘lagan. Shifoxonadagi emlash hamshiralariga esa bu xizmati uchun 122 million so‘mlik mukofot pullari bergan. “Dok-1 Maks” siropini boshqalarga nisbatan yaxshi va ko‘proq sotgan dorixona sotuvchilari va rahbarlarini muokofotlash uchun esa 2 milliard 345 million so‘m mablag‘ ajratgan.

 

Soliqchining qo‘shimcha qilishicha, shuningdek, “Quramax Medikal” MCHJ mas’ullari korxona faoliyatiga hissa qo‘shgan xodimlariga konvert usulida 13 milliard so‘mlik oylik maosh to‘lab bergan.

 

Bu mablag‘lar daromad soliqlariga tortilgach, MChJning qo‘shimcha 9 milliard 600 million so‘mlik soliq qarzdorligi yuzaga kelgan.

 

Hindistonlik sudlanuvchi, “Quramax Medikal” MChJ direktori S.R.P. manfaatini himoya qilayotgan advokat Davron Ahmadov soliqchining ma’lumotlarga e’tiroz bildirib, nega shifokorlar o‘z vazifasini bajarib, bemorga dori tavsiya qilgani, muolaja uchun dorilar yozib bergani uchun ulardan undirilayotgan daromad soliqlarini aynan “Quramax Medikal” MChJ to‘lab berishi kerakligini so‘radi. Soliqchi Soliq kodeksiga ko‘ra, “Quramax Medikal” MCHJ soliq agenti sifatida ko‘rilganini, shu sabab shifokorlarga to‘langan 5 milliard 57 million so‘mlik puldan olinayotgan daromad solig‘i aynan MChJdan undirilishini ma’lum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//