Endi "prava" uchun imtihonlar xususiy markazlarda ham o'tkaziladi

Saqlash
16:08 / 02.12.2021 784 0

Oʻzbekistonda «prava» uchun imtihonlar xususiy markazlarda oʻtkaziladigan boʻldi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarorining ijrosi doirasida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil qilingan xususiy imtihon markazlari oʻz faoliyatini boshlamoqda.

 

Qayd etilishicha, mazkur markazlarda imtihonlar toʻliq inson omilidan holi tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonida eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan korrupsion holatlarga chek qoʻyish maqsadida qilinmoqda.

 

“Shuni inobatga olib, barcha avtomaktablar maʼmuriyatidan oʻz oʻquvchilariga yoʻl harakati qoidalarini puxta oʻrgatib, haydovchilik huquqini olish masalasiga masʼuliyat bilan jiddiy eʼtibor qaratishlarini soʻraymiz”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//