Javohir Sindarov Nomzodlar turnirida tarixiy rekord o‘rnatdi

Saqlash
09:47 / 04.04.2026 46 0

Sindarov turnirning beshinchi turida jahonning ikkinchi raqamli shaxmatchisi Hikaru Nakamurani mag‘lub etdi.

 

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3-aprel kuni shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Nomzodlar turnirining beshinchi turida qora donalarda o‘ynab, amerikalik Hikaru Nakamura ustidan g‘alaba qozondi.

 

Bu Sindarovning turnirdagi to‘rtinchi g‘alabasi bo‘ldi. Besh turdan so‘ng u 5 ochkodan 4,5 ochko to‘plab, yakka peshqadamlikni saqlab qoldi. Sindarov shaxmat tarixida Nomzodlar turnirida bunday sermahsul start ko‘rsatgan ilk o‘yinchiga aylandi.

 

O‘zbekistonlik shaxmatchi turnirning asosiy favoritlaridan birini mag‘lub etgani e’tiborga molik bo‘ldi. Nakamura g‘oliblikka Karuanadan keyingi ikkinchi raqamli da’vogar hisoblanardi, Sindarov bir kun avval Karuanani ham taslim etgan edi.

 

Turning boshqa partiyalarida Fabiano Karuana Mattias Blyubaum ustidan g‘alaba qozondi.

 

Kuchli raqiblar (Yesipenko, Pragnanandha, Karuana va Nakamura) ustidan qozonilgan ketma-ket g‘alabalar tufayli Sindarov jahon onlayn reytingida 5-o‘ringa ko‘tarildi (4-o‘rinda yana bir o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov bormoqda).

 

4-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan oltinchi turda u qora donalarda Vey Iga qarshi bahs olib boradi.

 

2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelga qadar Kiprda bo‘lib o‘tadi. Unda sayyoraning eng kuchli sakkiz nafar grossmeysteri, jumladan, Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana va turnir debyutanti, o‘zbekistonlik Javohir Sindarov ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davrada (14 tur) 500 ming yevro miqdoridagi sovrin jamg‘armasi hamda eng muhimi — shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaradju Gukeshga qarshi dona surish huquqi uchun kurashmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//