Rossiyada jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarilishi kutilmoqda

Saqlash
13:21 / 03.04.2026 25 0

Rossiya hududida sudlangan va jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosini yurtiga topshirish imkoniyati borligi ma’lum qilindi.

 

Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova aytishicha, Rossiya bu masalada amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor. Ammo mahkumlarni O‘zbekistonga o‘tkazish jarayonini boshlash uchun respublika 1998-yilda qabul qilingan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni keyingi jazoni o‘tash uchun topshirish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga qo‘shilishi lozim.

 

Qayd etilishicha, Moskalkova ushbu masalani MDH Inson huquqlari komissiyasi yig‘ilishida ko‘targan. Uning ta’kidlashicha, ayni paytda Rossiya mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar bilan shunday tartibda hamkorlik qilib kelmoqda.

 

Ushbu xalqaro kelishuv Rossiya bilan bir qatorda Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘izistonda ham amal qiladi. Mazkur mexanizm orqali ushbu davlatlar fuqarolari, agar ular boshqa ishtirokchi davlat hududida sudlangan bo‘lsa, jazoni o‘z mamlakatida o‘tash imkoniga ega bo‘ladi.

 

Ma’lum qilinishicha, ushbu tartibning asosiy maqsadi mahkumlarning ijtimoiy reabilitatsiyasini yengillashtirish, ularning oilasi va yaqinlariga yaqin muhitda jazo o‘tash imkoniyatini yaratishdan iborat. Shu bois, bunday amaliyot insonparvarlik tamoyillariga mos mexanizm sifatida baholanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//