So‘z ustasi Xojiboy Tojiboyevning mualliflik huquqlari uning vorisi orqali himoyalandi

Saqlash
19:57 / 20.10.2023 5841 0

Adliya vazirligi marhum Xojiboy Tojiboyevningning xajviyalaridan uning vorisi ruxsatisiz foydalangan radioga ogohlantirish berdi. Bu haqda vazirlikning Intellektual mulk departamenti Telegram kanalida xabar berilgan.

 

“O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq mualliflik huquqi muallifning vafotidan so‘ng asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida huquqiy himoyaga ega bo‘ladi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, so‘z ustasi marhum Xodjimurod Todjiboyevning (Xojiboy Todjiboyev) mualliflik huquqlarini himoya qilish maqsadida uning vorisi Intizor Todjiboyeva mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot orqali Adliya vazirligiga murojaat qilgan.

 

Adliya vazirligi tomonidan holat bo‘yicha, qonunchilikda belgilangan tartibda “R.R.S.” MCHJga tegishli bo‘lgan “N.” radiokanalida tekshiruv o‘tkazilgan va tekshiruv davomida X. Todjiboyevning xajviyalari muallifning merosxo‘ri bo‘lgan I. Todjiboyevaning ruxsatisiz “N.” radio efirlarida eshittirilganligi aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha “R.R.S.” MCHJga qonun hujjatlari buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilib, huquqbuzarlik bartaraf etildi”, deyiladi departament xabarida.

 

Vazirlik mualliflik huquqi obyektlaridan muallif (uning vorisi) yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanilish kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek mualliflar, san’at va ijod ahli hamda ularning vorislarini mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishi holati aniqlanganda, adliya organlariga murojaat qilishga chaqirgan. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//