“Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda”, — Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
17:01 / 20.10.2023 1882 0

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Davlat rahbari murojaati matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

 

O‘zbekiston prezidenti o‘z murojaatida avvaliga Toshkent shahriga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari ikkinchi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini qutlagan.

 

“Bugungi anjuman tashkilot kun tartibidagi oʻta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarimizni barqaror taraqqiy ettirish yoʻllarini izlash boʻyicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda.

 

Bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qiladi”, deyiladi murojaatda.

 

Prezident ushbu yigʻilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda boʻlib oʻtayotgani, bugungi kunda jahonda prognoz qilish qiyin boʻlgan va hatto oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental oʻzgarishlar sodir bo‘layotganini ta’kidlagan.

 

“Xalqaro maydonda o‘zaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda.

 

Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida masʼuliyat yuklatilmoqda. Sizlar ishtirok etayotgan yig‘ilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning eʼtiboringizga havola qilinmoqda.

 

Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident ushbu anjuman a’zo mamlakatlar va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy boʻlishini tilagan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//