“O‘zbekiston temir yo‘llari” turkiyalik sayyohdan pora olgan xodimini topa olmadi

Saqlash
22:07 / 19.10.2023 1278 0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi turkiyalik sayyohdan 100 ming so‘m pora olib, unga yaxshi sharoit yaratib bergan o‘z xodimini topa olmaganini tan oldi.

 

“Tarmoqlarda Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi o‘z vagonidan yuqori toifadagi vagonga o‘tish uchun vagon kuzatuvchisiga pul berganligi va vagon toifasini o‘zgartirganligi yuzasidan tarqalgan holat bo‘yicha o‘rganish olib borildi. Videoda kerakli ma’lumotlar (qaysi kun, poyezd raqami va vagon) aks etmaganligi sababli holat o‘z isbotini topishi va aybdor xodimni aniqlashning imkoniyati topilmadi, — deyilgan tashkilotning rasmiy bayonotida.

 

Kompaniyaning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda xorijlik fuqarolar tomonidan, yo‘lovchi poyezdlarda vagon kuzatuvchisiga pul taklif etib, vagondagi o‘rinni yuqoriroq darajadagi vagon o‘rniga almashtirganligi haqidagi videoroliklar tez-tez jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

 

“Jumladan, niderlandiyalik bloger 6-iyul kuni “Afrosiyob” elektropoyezdidagi safari davomida “ekonom” toifadagi o‘rnini “vip” toifaga o‘zgartirganligi bo‘yicha videoroliklar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruv xulosasiga asosan aybdor xodim lavozimidan ozod etilgan bo‘lishiga qaramasdan oktyabr oyida ushbu videolavha ijtimoiy tarmoqlarda qayta tarqatildi va keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

 

Ushbu jarayonda OAVlarda tarqatilayotgan har bir ma’lumot, fuqarolarimiz va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarning mamlakatimiz temir yo‘llari haqida salbiy tasavvurlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlarda isbotlanmagan, asossiz ma’lumotlarni tarqatmasligingizni so‘raydi, — degan tashkilotning axborot xizmati xodimlari.

 

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati shunday holatlarga duch kelgan fuqarolardan jamiyatning (+99871-299-94-50) ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishni yoki @pastrans Telegram manziliga murojaat qoldirishni so‘ragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//