Jamiyat
Nogironligi boʻlsa-da, ruhan sogʻlom va yuksak jasorat sohibi boʻlmish bugungi qahramonimiz baʼzi sogʻlom odamlar ham uddalay olmaydigan ishlarni amalga oshirib, mehnatsevarligi sababli el orasida hurmat qozongan.
Sirdaryo viloyati Xovos tumanining “Qayirma” mahallasida istiqomat qiluvchi Turdali Moʻminov 5 yoshida avtohalokat sababli oʻng oyogʻidan ajralgandi. Hozirda imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramasdan 15 sotix tomorqasida koʻkatlar, pomidor, bodring va sarimsoq piyoz kabi sabzavotlarni yetishtirib, 40 million soʻmdan ziyod daromad topmoqda.
— Mehnat qilgan inson kam boʻlmaydi, — deydi “Jasorat” medali sohibi Turdali Moʻminov. — Tomorqamizga sarimsoq piyoz, ukrop, ikkinchi takroriy ekinlarga bodring, makkajoʻxori ekamiz. Hozirda tomorqamizga toʻqsonbosti ekinlarga sarimsoq piyoz bilan ukrop ekkanmiz. Dehqonchilik toʻgʻrisida qoʻni-qoʻshnilar maslahat soʻrab qolsa, maslahatlarimizni beramiz.
Turdali Moʻminov — haqiqatan ham jasoratli inson. U davlat rahbarining farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. Bu yil vatanimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayrami arafasida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev uning xonadonida boʻlib, jamoatchilik va mahalla faollari ishtirokida davlat mukofotini koʻksiga taqib qoʻydi.
Turdali Moʻminov koʻpchilikka oʻrnak boʻla oladi, tomorqasida mehnat qilishdan tashqari qoʻshimcha daromad topish maqsadida velosiped va poyabzal taʼmirlash bilan ham shugʻullanadi. Shuningdek, shaxsiy avtomashinasida mahalladoshlarining uzogʻini yaqin qiladi. U mehribon ota. Halol mehnat orqali 3 nafar farzandini, oilasini bekam-u koʻst taʼminlab kelmoqda. Turdali Moʻminov oʻz zamondoshlariga ibrat boʻlishi mumkinligini oʻz hayoti misolida isbotlab bermoqda.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q