OITS yuqtirganlar ishlashi taqiqlangan kasblar roʻyxati yangilanyapti

Saqlash
17:24 / 19.10.2023 1095 0

SSV vazirining odamning immunitet tanqisligi virusi (OITS)ni yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari roʻyxatini yangilashga doir buyrugʻi loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihaga koʻra, OITS bilan ogʻrigan bemorlar quyidagi kasbiy faoliyat turlari bilan shugʻullanishlari mumkin emas:

Odam qoni va (yoki) uning tarkibiy qismlarini tayyorlash, qayta ishlov berish xamda gemotransfuziya bilan bogʻliq kasblar.

Ginekologik operatsiyalar (tugʻruq, abort) va barcha turdagi jarrohlik amaliyoti bilan bogʻliq kasblar (shuningdek stomatolog-jarroh).

Quyidagi tibbiy muolajalar bilan bogʻliq kasblar – dializ, veneseksiya, kateterizatsiya.

Shu munosabat bilan Sogʻliqni saqlash vazirining “Odam immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2014-yil 23-apreldagi 7-son buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur buyruqning qabul qilinishi natijasida OIV infeksiyali shaxslarni erta aniqlash, kasallikni boshqalarga yuqishini oldini olish, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish va samarali davolash boʻyicha yangi sifatli bosqichiga erishiladi.

Oʻz navbatida, hujjat loyihasi bilan OITS yuqtirgan shaxslarga soch va soqol olish, pirsing, manikyur, pedikyur hamda tatuaj bilan bogʻliq kasblarda ishlash uchun ruxsat berilmoqda.

Taʼkidlanishicha, Respublika OITSga qarshi kurash markazining soʻnggi 10 yil davomida oʻtkazgan tahlillariga asosan ushbu soha vakillari oʻz faoliyati davomida OIVni yuqtirib olganligi, shuningdek, ularda OIV aniqlangunga qadar (OIV maqomini bilgunga qadar) ular tomonidan faoliyati davomida OIVni boshqa shaxsga yuqtirganligi aniqlanmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//