Ehtiyot bo'ling — kiberfiribgarlar

Saqlash
11:25 / 02.12.2021 1362 0

Hozirgi vaqtda mablagʻlarni oʻgʻirlashning eng keng tarqalgan usullaridan biri jinoyatchilar aldov yoʻli bilan hamda Click va Payme kabi toʻlov tizimlarining qalbaki veb-saytlarini yaratish orqali fuqarolarning plastik kartalari haqida maʼlumot olishadi, noqonuniy ravishda jabrlanganlarning mablagʻini oʻzlashtiradi.

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organlari fuqarolarni masofaviy bank xizmatlari va toʻlov tashkilotlarining elektron pul oʻtkazmalaridan foydalanuvchilar tomonidan sodir etiladigan kiberhujum, firibgarlik holatlarini oldini olish maqsadida ogohlantirdi va quyidagilarni tavsiya etdi:

 

1. Tasdiqlash kodini oshkor qilmang

Hech qachon birovga SMS orqali olingan bir martalik tasdiqlash kodini maʼlum qilmang. Ushbu tekshirilgan kod yordamida firibgarlar hisob raqamingizdan ruxsatingizsiz pul mablagʻlarini koʻchirishlari yoki mobil ilovalar orqali ularni boshqarish huquqiga ega boʻlishlari mumkin.

 

 

2. Begona kishiga bank kartasi yoki bank mobil ilovasidagi akkauntingiz toʻgʻrisida maʼlumot bermang

Unutmang, bank kartasiga pul oʻtkazish uchun kartaning amal qilish muddati zarur emas, uning 16 ta belgili raqamini bilish yetarli. Yodda tuting, bank, toʻlov tashkiloti xodimlari sizdan bank kartangizning amal qilish muddatini yoki SMS orqali olingan tasdiqlash kodini soʻrashmaydi. Sizga qoʻngʻiroq qilib, oʻzini bank ishchisi, toʻlov tashkiloti yoki boshqa davlat muassasasining maʼmuri sifatida tanishtirgan hamda plastik kartangiz yoki bank mobil ilovasidagi akkauntingiz haqida soʻragan shaxslarga plastik kartangiz toʻgʻrisidagi maxfiy yoki shaxsiy maʼlumotlarni oshkor etmang. Ular firibgar boʻlishlari mumkin. Agar siz hisob raqamingizda oʻzgarishlarga olib keluvchi maʼlumotlarni olishga urinishlar, shubhali toʻlovlar, nomingizga rasmiylashtirilgan kredit yoki depozitlarni bilib qolsangiz xizmat koʻrsatuvchi bankka murojaat qilishingiz va maʼlumotlarga aniqlik kiritishingiz lozim.

 

3. Taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlar rasmiy sertifikatlangan yoki litsenziyaga ega ekanligiga ishonch hosil qiling

Turli reklama aksiyalari, lotoreyalarda yutuqlar, brokerlik xizmatlari, valyuta ayirboshlashda ishtirok etish, xorijda onlayn taʼlim va yuqori daromadli ish oʻrinlariga tez va oson ishga joylashish, oldindan sarmoya kiritish bilan qisqa muddatda boyib ketish, onlayn savdo platformasi orqali arzon narxda mahsulotni yetkazish kabi yuqori daromad olishga undovchi yolgʻon takliflar bilan fuqarolar ishonchidan foydalanib pul mablagʻlarini oʻzlashtirishga urinish holatlari koʻp uchramoqda. Shu oʻrinda firibgarlar qalbaki shartnoma va hujjatlarni taqdim etib fuqarolarni ishontirishga urinishadi.

 

4. Internetdagi veb-sahifalarning rasmiyligini tekshiring

Shubhali veb-saytlarga bank kartangiz maʼlumotlarini va SMS tarzda joʻnatilgan tasdiqlash kodini kiritmang. Hozirgi kunda firibgarlar toʻlov tashkilotlari saytlariga oʻxshash qalbaki sahifalarni tarqatmoqda. Saytda bank kartasi toʻgʻrisida maʼlumot kiritilganda, firibgarlar ushbu maʼlumotdan mobil bank ilovasiga bank kartasini ulash va pul mablagʻini oʻgʻirlash uchun foydalanish xavfi mavjud boʻladi. Agar sizda taklif etilayotgan veb-sahifaning haqiqiyligiga shubha uygʻonsa, uni tegishli tashkilotning Internetdagi rasmiy sayt manzili yoki veb-sahifasi bilan taqqoslang.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//