Shavkat Mirziyoyev Xitoyda bir qancha muhim takliflar bilan chiqdi

Saqlash
20:19 / 18.10.2023 1250 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Pekin shahrida “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumining ochilish marosimida hamda “Inson va tabiat uygʻunligi yoʻlida “Yashil ipak yoʻlini” birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yigʻilishida ishtirok etdi.

Xitoy vitse-prezidenti Xan Chjen moderatorligida oʻtgan sammit ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, davlat va hukumatlar yetakchilari, moliyaviy institutlar rahbarlari ham qatnashdi.

Prezidentimiz oʻz nutqida barcha ishtirokchilarni “Makon va yoʻl” tashabbusining oʻn yilligi bilan samimiy qutladi.

Buyuk ipak yoʻlini qayta tiklashga qaratilgan ushbu ulugʻvor gʻoya tarixan qisqa davrda koʻplab tarafdorlariga ega boʻlgani va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylangani taʼkidlandi.

Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib “Makon va yoʻl” tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan va mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qatʼiy tarafdoridir.

Davlatimiz rahbari “Yashil ipak yoʻli” tashabbusi mohiyat eʼtibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantirishini taʼkidladi.

XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilk bor 2016-yilda aynan bizning mamlakatimizda ilgari surilgan ushbu tashabbusni Oʻzbekiston har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurgʻoqchilik va chang boʻronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va choʻllanishi, bioxilma-xillikning yoʻqolishi koʻrinishida namoyon boʻlayotgan murakkab ekologik vaziyatga toʻxtalib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim oʻzgarishi oqibatlaridan eng koʻp zarar koʻrayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.

 

Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolboʻyida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish boʻyicha keng koʻlamli dasturni amalga oshirayotgani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, joriy yilning sentyabr oyida BMT Bosh kotibi tashabbusiga koʻra oʻtkazilgan Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ulkan vazifalar sammiti yakunlariga yuqori baho berildi.

Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yoʻlida fikr almashish va saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun Oʻzbekiston rahbari 2024-yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi.

– Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yoʻlidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun – Samarqand muloqoti”ni tashkil etishda amaliy qadam boʻlib xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

 

Mamlakatimiz “Yashil ipak yoʻli” doirasida keng koʻlamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yetakchisi Xitoy hamda “Makon va yoʻl” tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yoʻli” konseptual tashabbuslarini oʻzaro bogʻlash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambagʻallikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini oʻz ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

“Yashil ipak yoʻli”ni barpo etish yoʻlidagi yana bir muhim vazifa — “yashil” ishlab chiqarish zanjirlari va innovatsiyalarni rivojlantirish.

Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolboʻyi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida Oʻzbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamgʻarmasini taʼsis etishni taklif qildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oʻzaro savdosidagi cheklov va toʻsiqlarni kamaytirishga chaqirdi.

“Yashil” energetikaga oʻtish boʻyicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yoʻl” tashabbusiga qoʻshilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish taklifi bildirildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Orolboʻyi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish boʻyicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

“Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti negizida yetakchi xorijiy oliygohlar va taʼlim markazlari bilan hamkorlikda “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish masalasiga toʻxtaldi.

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida etno-ekologik festivallar, forumlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar oʻtkazishni nazarda tutuvchi “yashil” madaniyatni rivojlantirish boʻyicha Global dasturni ishga tushirishni taklif qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida forum yakunlari, unda bildirilgan gʻoya va takliflar insoniyatning “yashil” kelajagini barpo etish yoʻlida muhim hissa boʻlishiga ishonch bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//