Jamiyat
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi xalq tilida “Suyunchi nafaqasi” deb ataladigan bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqaning toʻlanish tartibi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ushbu nafaqa har bir tugʻilgan farzand uchun toʻlab beriladi. Bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Yaʼni hozirgi kunda 688 940 soʻmni tashkil etadi.
Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, bunda fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida “suyunchi nafaqasi”ni tayinlash boʻyicha xizmatlar 2020-yildan boshlab fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.
Yaʼni bugungi kunda bola tugʻilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola roʻyxatga qoʻyiladigan poliklinika va ichki ishlar boʻlimi, navbatga qoʻyiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti haqidagi barcha maʼlumotlar tibbiyot muassasasi (tugʻuruqxona, shifoxona tugʻruq boʻlimi, oilaviy poliklinika) tomonidan “Tugʻilish va oʻlimni, shu jumladan perinatal oʻlimni elektron roʻyxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
Pensiya jamgʻarmasi tomonidan barcha zaruriy maʼlumotlar tibbiyot muassasasi va FHDY axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda “suyunchi” nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.
Bunda, bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamgʻarmasiga murojaat qilmasdan toʻgʻridan toʻgʻri “Xalq banki”ning istalgan filialiga murojaat qilish orqali “suyunchi” nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga koʻra ushbu nafaqalar “Xalq banki”ga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, bola tugʻilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun “Xalq banki”ning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.
Nafaqa tayinlash va toʻlash jarayonlari osonlashtirilgani natijasida ushbu nafaqani oluvchilar soni oshgan. Xususan, 2022-yilda tugʻilgan bolalar soni 932,2 mingtani tashkil etgan boʻlsa “suyunchi” nafaqasi 922,4 ming nafariga (yoki 98,9%) toʻlab berilgan. Taqqoslash uchun, 2018-yilda tugʻilgan bolalar soni 768,5 ming nafarni tashkil etib, “suyunchi” nafaqasini olish uchun 681,7 ming nafar (yoki 88,7 foiz) murojaat qilgan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q