Oʻzbekistonda yoʻl qurilishiga xususiy sektor jalb qilinadi

Saqlash
17:11 / 16.10.2023 1366 0

10-oktabr kuni “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori [PQ-330] qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan:

avtomobil yoʻllarida bajariladigan ish turlari qurish va rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda saqlashdan iborat boʻladi;

loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yoʻl-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat koʻrsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (“hajm uslubi”) joriy etiladi;

avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan obyektlarning asosiy konstruktiv elementlari boʻyicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi;

yilning harorat yuqori boʻlgan vaqtlarida avtomobil yoʻllarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar oʻrnatiladi.

Xalqaro ahamiyatdagi M39 “Toshkent — Termiz” avtomobil yoʻlining “Toshkent — Chinoz” yoʻnalishidagi 817 — 827 km qismini ilgʻor xorijiy texnologiyalar va zamonaviy xalqaro standartlar asosida sement-beton qoplama qurgan holda rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.

2025-yil 1-yanvardan yangidan boshlanadigan yoʻl-qurilish obyektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan, xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.

2023-yil 31-dekabrgacha Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va sunʼiy inshootlarni loyihalashtirish (shu jumladan, texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish), qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida baholash mezonlari takomillashtiriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻyida yashil hududlarni barpo etish doirasida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibidagi “Oʻzyoʻlkoʻkalamzorlashtirish” davlat muassasasining hududiy boʻlinmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tasarrufiga oʻtkaziladi.

2024-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha boʻlgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

“Oʻzyoʻlkoʻprik” klasteri va uning hududiy filiallari;

“Avtomobil yoʻllari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.

2024-yildan xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun byudjet mablagʻlari faqat “Mening yoʻlim” dasturi orqali ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//