Oʻzbekistonda tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi

Saqlash
16:21 / 11.10.2023 1265 0

“Oʻzbekiston Respublikasi temiryoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024-yil 1-yanvargacha quyidagilar tashkil etiladi:

yoʻl xoʻjaligi, elektr taʼminoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xoʻjaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini taʼminlash boʻyicha “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ;

yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xoʻjaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yoʻlga qoʻyish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish boʻyicha “Temiryoʻlkargo” AJ;

yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatini koʻrsatish boʻyicha “Temiryoʻlekspress” AJ;

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini taʼminlash boʻyicha “Temir yoʻl vokzallari” MCHJ va shahar atrofida yoʻlovchilar tashish boʻyicha “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJ;

bolalar oromgohlari, sogʻliqni saqlash, madaniy-maʼrifiy va sport obyektlarini saqlash boʻyicha “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.

Temir yoʻlda yuklarni mahalliy, eksport va import yoʻnalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar 2024-yil 1-yanvardan bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi (bundan ikki yoki undan koʻp xorijiy mamlakatlarning temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar mustasno).

2023-yil 1-dekabrgacha temir yoʻllarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar roʻyxati tasdiqlanadi.

2024-yil 1-yanvardan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga oʻtiladi.

2025-yil 1-yanvardan mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish bundan mustasno) koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yoʻl transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvargacha temir yoʻl transporti xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun moʻljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi.

2026-yil 1-yanvargacha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga oʻzaro toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.

Sentabr oxirlarida prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida temiryoʻl sohasida hal qilinishi lozim boʻlgan asosiy masalalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazilgandi. Oʻshanda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” xoldingga aylantirilishi, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning nosohaviy aktivlarini sotish vazifasi qoʻyilgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//