Jamiyat
10-oktabr kuni Oʻzbekiston zilziladan jabr chekkan Afgʻonistonga qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yubordi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Insonparvarlik yordami Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazildi.
Yuborilgan yordam yuki tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bugʻdoy, yogʻ, makaron, goʻsht mahsulotlari, guruch, shakar, shuningdek, chodir va odeyallar, shuningdek, birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor. Yordam yuki My Freighter aviakompaniyasining Boeing-747 yuk samolyotida Hirot shahriga yetkazib berildi.
Kun nashrining yozishicha, Oʻzbekiston delegatsiyasini Afgʻoniston hukumati tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish boʻyicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais oʻrinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri oʻrinbosari Abdulsattor Gurvol kutib oldi.
“Oʻzbekiston — bizga har doim birinchilardan boʻlib yordam qoʻlini choʻzib kelgan birodar mamlakat. Men oʻzim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan koʻmakni qabul qilib, jabr koʻrgan xalqimiz oʻrtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afgʻoniston islom amirligi hukumati va xalqi nomidan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz. Sizlar eng yaxshi qoʻshnimiz sifatida Alloh yuborgan ogʻir sinov kunlarida har doim yonimizda turasiz. Xalqimiz buni hech qachon esdan chiqarmaydi”, — deya taʼkidlagan Mavlaviy Sharofiddin.
Afgʻonistonda 7-oktabr kuni ertalab 6,3 magnitudali zilzila sodir boʻlgan. Uning epitsentri mamlakatning toʻrtinchi yirik shahri va shu nomdagi viloyat markazi Hirotdan 40 km shimoli-gʻarbda joylashgan. Zilziladan keyin yana kichik kuchlanishli zilzilalar yuzaga kelib, bir necha qishloqlarni butunlay vayron qilgan. 2400 nafardan ortiq odam halok boʻlgan, 2000 ga yaqin aholi jarohat olgan. Oʻzbekiston avval ham mamlakatga hamdardlik bildirgan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q