O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi omillar maʼlum qilindi

Saqlash
17:12 / 06.10.2023 2395 0

Oʻzbekistonda chang boʻronlariga sabab boʻluvchi 2 ta omil mavjud. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Chang boʻronlariga tashqi va ichki omillar sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bular quyidagilar:

Tashqi omillar:

Qozogʻiston, Turkmaniston va Afgʻoniston hududlarida global iqlim oʻzgarishi taʼsirida yomgʻir miqdori keskin kamaygani;

suv havzalari qurishi fonida sugʻoriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli choʻllanish avj olib, kuchli boʻronlar sodir boʻlmoqda va qum-chang koʻtarilib, Oʻzbekiston hududiga kirib kelmoqda;

Oʻzbekistoning gʻarbiy (Buxoro) va janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa, Turkmaniston va Shimoliy Afgʻonistonning (Afgʻon shamoli) choʻl hududlarida koʻtarilgan qum va changlar boʻronlar orqali kirib kelmoqda.

Ichki omillar:

mamlakatda choʻllanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi;

qurilish maydonlari sonining ortishi natijasida shamol fonida undan chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishi;

atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi.

Hozirgi kunda “Oʻzgidromet” Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3-marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.

Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida oʻrnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida Horiba onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida amalga oshiriladi. Mazkur kuzatish punktlari atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingtadan ziyod, butun tarmoq boʻyicha 98 mingta namunalar olingan va tahlil qilingan. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosining mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//