Jamiyat
Olmaota shahrida Kamol Toʻqayev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Qozoq detektiv janrining asoschisi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekistondan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, shoir Minhojiddin Mirzo va Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Oyina.uz.
Anjumanda, shuningdek, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nurlan Qalibekov, rossiyalik yozuvchi Dmitriy Shestakov kabi xorijlik mehmonlar qatnashdi. Davlat rahbarining tabrigini Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva oʻqib eshittirdi.
Qozoq detektiv nasri namoyandasi Kamol Toʻqayev (1923–1986) ijodi yuzasidan olim va yozuvchilarning qiziqarli maʼruzalari tinglandi. Adib 1923-yil 2-oktabrda Olmaota viloyati Qoratol tumanida tugʻilgan. 1948-yili Qozoq davlat universitetini tamomlagan. Shundan soʻng gazeta tahririyatlarida masʼul lavozimlarda ishlagan. Oʻndan ortiq kitoblari qozoq va rus tilida nashr etilgan. Uning “Soʻnggi zarba”, “Inidan bezgan qush” kabi romanlari hamda oʻnlab qissa va turkum hikoyalari kitobxonlar qalbidan joy olgan.
– Oʻzbek va qozoq xalqini faqatgina bir tarix, bir ildiz, bir zamin munosabatlari emas, ana shu qardoshlik zaminida paydo boʻlgan adabiy hamkorlik va hamjihatlik ham bogʻlab turadi. Shu maʼnoda qozoq adabiyoti oʻzbeklar uchun, oʻzbek adabiyoti qozoqlar uchun begona emas, – dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, shoir Minhojiddin Mirzo.
Oʻzbekistonda nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining oʻn jildi qozoq adabiyoti namunalariga ajratilgan. Yana alohida ikki jildda zamonaviy qozoq sheʼriyati va nasri antologiyasi chop etildi. Bu yil qozoq adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, zamonaviy qozoq nasrida oʻz oʻrniga ega boʻlgan, oʻz davrining nafasi va mohiyatini ijodida teran aks ettira olgan adib Kamol Toʻqayev tavalludining 100 yilligi ham ikki xalq uchun birdek toʻy, deyish mumkin. Adibning “Sirli iz”, “Oqshomdagi qotillik” qissalari, shuningdek, qator hikoyalari oʻzbek tiliga oʻgirilgan.
Anjumanda Kamol Toʻqayevning oʻzbek tiliga tarjima asarlari jamlangan kitob taqdim etildi. Taʼkidlandiki, ushbu yangi nashr yozuvchi ijodi oʻzbek kitobxonlari uchun ham sevimli ekanidan dalolat boʻlib, ikki qardosh xalq adabiy doʻstligini yangi bosqichga koʻtarish yoʻlidagi bir qadamdir.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q