Jamiyat
Qonunchilikda nogironligi boʻlgan shaxslarning qulay yashashi va harakatlanishi, mehnat qilishi uchun sharoitlar yaratish boʻyicha qoidalar mavjud. Hudud nashri nogironligi boʻlgan shaxslarda qanday huquqlar borligi haqida tushuntirish berdi.
1-qoida. Zaxiradagi ish oʻrinlari yaratiladi
Har yili hokimliklar tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qonunchilikka muvofiq belgilangan ish oʻrinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish oʻrinlariga mahalliy mehnat organlari yoʻllanmasiga koʻra ishga joylashish kafolatlanadi. Ushbu imkoniyat nogironligi boʻlgan shaxslarning ish bilan taʼminlanishi uchun imkon beradi.
2-qoida. Sogʻligʻi holatiga koʻra ishda ishlashi taʼminlanadi
Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan ularga sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlgan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻliqsiz ish vaqti rejimi toʻgʻrisidagi, yuklamani kamaytirish haqidagi va mehnatning boshqa shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi tavsiyalari ish beruvchi tomonidan bajarilishi majburiydir.
3-qoida. Lokal hujjatlar bilan mehnat huquqlarini cheklash taqiqlanadi
Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat shart-sharoitlari, shu jumladan ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qonunchilikda belgilanganidan kam boʻlishi hamda boshqa xodimlarga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslarning holatini yomonlashtirishi yoki ularning huquqlarini cheklashi mumkin emas.
Nogironligi sababli nogironligi boʻlgan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ishda uning yuqori lavozimga koʻtarilishini rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Albatta, istisno holatlar ham boʻlishi mumkin.
4-qoida. Majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtkaziladi
Nogironligi boʻlgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik har yili majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turilishi lozim. Dastlabki majburiy tibbiy koʻriklar ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5-qoida. Ish vaqti qisqartiriladi
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — 6 soatdan, besh kunlik ish haftasida — 7 soat-u 30 daqiqadan ortib ketmasligi kerak.
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq toʻlash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga toʻliq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshiriladi.
6-qoida. Xizmat safariga roziliksiz yuborish mumkin emas
Nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
7-qoida. Kamida 30 kalendar kun yillik mehnat taʼtili beriladi
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga davomiyligi kamida 30 kalendar kundan iborat yillik mehnat taʼtili beriladi va ular bu taʼtildan yilning oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtida foydalanishi mumkin. I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-qoida. 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan holda taʼtil olish mumkin
Ish beruvchi I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimning xohishiga koʻra uning yozma arizasi asosida unga ish haqi saqlanmagan holda har yili davomiyligi 14 kalendar kungacha boʻlgan taʼtil berishi shart.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Karomatxon
18:11 / 02.11.2023
Shu qarorni elktroni bòlsa yubora olaszmi haftasi 6 kun ishlasan 7 soat ishlashimiz kerakligin tasdiqlash uchun meni ish kunim kòp bòlib ketyapti