Madaniyat
“So‘zbozlik xudbinlikning eng yumshoq, beozor ko‘rinishi. Garchi o‘zimizni xudojo‘y ko‘rsatsak-da, amalda so‘zbozlikka ruju qo‘yganimiz bor gap. So‘zni isrof qilishdan, uni yolg‘onga aylantirishdan qo‘rqmayapmizmi, demak, munofiqlikdan ham qo‘rqmaymiz. Xullas, bugungi ma’naviy tiynatimiz so‘zbozlikka qurilmasligi kerak.” “Fikrni ma’rifat uyg‘otadi” maqolasida bugungi davr insondan taqozo etayotgan munosabat va vazifalar haqida so‘z borgan. Yozuvchi Nazar Eshonqulning mazkur jamiyat, shaxs, adabiyot, yangilanish haqidagi mulohazalarining to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2023-yil 3-sonida tanishing.
“Qiymati Ka’baday ko‘rilgan inson nima qilsin, shu taqdirga rozi bo‘lib yashashda davom etsinmi yo bu qudratli to‘lqinga qaysi kuch, qaysi yurak bilan qarshi tursin? O‘tgan asr kashfiyotlarni mablag‘ga aylantirish davri bo‘lsa, yigirma birinchi asr tuyg‘ularni va muloqotlarni ham pulga aylantirish davridir. Bu taloto‘pda hazrati inson ne qilsin?” Jurnalning “Nafis majlislar” ruknida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton va filologiya fanlari doktori, professor Yo‘ldosh Solijonovning “Texnotron era: Xudoning nazargohiga nazar” suhbati e’lon qilingan.
“Globusdagi nomlar shu qadar ko‘pki (Avstraliya qit’asiga doim 70 tacha nom ko‘rsatilgan, Janubiy Amerikada 100 dan ortiq, Afrikaning ekvatordan janubdagi dengiz bo‘ylarida 30 tacha nom va hokazo), boshqa globuslarda unchalik nom yo‘q, hatto bu qadar zich yozilgan kartalar kam uchraydi. Bu, shubhasiz, ushbu globusning ustunligi va qimmatli ma’lumotnoma ekanligini isbotlaydi.” “Globus yasagan jadid” maqolasida samarqandlik taraqqiyparvar Hoji Yusufning jo‘g‘rofiya, astronomiya fanlaridagi ishlari haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Istiqbol ufqlari”, “Sharaf yo‘lidagi yo‘lovchi”, “Men boshqa yasholmasdim”, “Oksana afsonasi”, “SSSR: dunyoning eng katta samolyoti va yirtiq poyabzali”, “Sun’iy intellektning bolaligi” maqolalari, “Non” mangu timsolini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Lahzalarda hayot aksi”, “Laqma laqab orttirar”, “Kashmir mojarosi” haqida so‘z boradi.
“Bugun savodli dunyoda o‘qishning o‘zi kamlik qiladi, bugun borliqni anglash, unga munosabat bildirish uchun idrok, tafakkur, anglam birinchi vazifa sanaladi”. “Fikrni ma’rifat uyg‘otadi” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot” bilan ma’rifatli bo‘ling va fikrlaringizni uyg‘oting.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q