Qozogʻistonda Nazarboyev tasviri tushirilgan banknotalar chiqarildi

Saqlash
16:40 / 01.12.2021 1123 0

Qozogʻiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan nominal qiymati 20 000 tenge boʻlgan yubiley banknotini muomalaga chiqardi. Bu haqida Qozogʻiston Milliy banki axborot xizmati xabar bermoqda.

 

Qayd etilishicha, yubiley banknotida 27 ta himoya elementi mavjud. Banknotning dizayni muomaladagi banknotlar bilan bir xil uslubda ishlangan: old tomonida asosan vertikal tasvirlar, ort tomonida gorizontal tasvirlar mavjud.

 

Banknotda Qozogʻiston Respublikasining davlat ramzlari, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev portretining gologramma tasviri,  "Қазақ Елі” monumenti va "Мәнгілік Ел" zafar arkasi tasvirlangan.

 

“Nominal qiymati 20 000 tenge boʻlgan yubiley banknotasi Qozogʻiston Respublikasi boʻylab barcha turdagi toʻlovlar uchun nominal qiymati boʻyicha qabul qilinishi kerak”, deyiladi xabarda.

 

Eslatib oʻtamiz, Qozogʻiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga 10 000 tenge nominalidagi Elboshining portreti tushirilgan ilk yubiley banknotasi 2016-yilda muomalaga chiqarilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//