Madaniyat
Turkiyaning Ege universiteti Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikda “Amir Temur va Izmir” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazdi.
29–30-noyabr kunlari Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Eron olimlari Amir Temur shaxsiyati va tarixini chuqurroq oʻrganish, yangi tadqiqotlarni yuzaga chiqarish, bu borada ilmiy hamkorlikni mustahkamlash mintaqa xalqlarining yanada yaqinlashuviga xizmat qilishi yuzasidan fikr almashdi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida Turkiya va Oʻzbekiston madhiyasi yangradi. Ege universiteti rektori, professor Nejdet Budak tabrik soʻzida izmirliklar Amir Temur oldida maʼnaviy qarzdorlik ekanini taʼkidladi. Hazrat Sohibqiron xotirasini abadiylashtirish maqsadida Izmir koʻchalari, madaniy maskanlariga uning nomini berish taklifi bildirildi. Anjumanning toʻrt shuʼbasida yangidan-yangi ilmiy tadqiqotlarga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.
– Amir Temur haqida bir yoqlama manbalardan voz kechib, qardosh xalqlar olimlari tarixiy haqiqatlarni bahamjihat tiklashimiz va jahonga, xususan, turk dunyosiga targʻib etishimiz kerak, – dedi OʻzRFA Tarix instituti direktori oʻrinbosari Sherzodxon Mahmudov.
Eslatib oʻtamiz, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 28–30-sentyabr kunlari tashkil etgan “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Ege universiteti vakillari Ali Usmon Qoratoy va Emin Zafer Ersoʻz qatnashib, ushbu “Amir Temur va Izmir” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazilishi haqida maʼlum qilgan edi.
Professor Ali Usmon Qoratoy oyina.uz portaliga bergan intervyusida, jumladan, shunday degandi:
– Amir Temurdek jahon hukmdori tugʻilib-oʻsgan manzillarni ziyorat qilishdan juda tuygʻulandim. U turk tarixining eng buyuk qahramonlaridan biridir. Men yashayotgan shahar uchun ham gʻoyat ahamiyatli zot. Izmir –Turkiyaning ramzi, chunki Izmir qutqarilgan kun – Turkiya qutqarilgan. Mustaqillik mujodalasi shu bilan tamomlangan. Toʻgʻri, shaharni Mustafo Kamol Otaturk ozod qilgan, ammo Izmirni turk dunyosiga abadiy armugʻon etgan Amir Temur boʻladi.
Yuz yil ilgari bizda imperialistik kuchlarga qarshi ozodlik urushi ketayotganda Buxoro amirligidan uch dona qilich yuborilgan. Ular Amir Temurga tegishli boʻlgan. Shundan bittasi olti asr ilgari Izmir fath qilinganda ham ishlatilgan ekan. Anqara hukumati qurolli kuchlarini yigʻib, Izmirga yoʻnalganda shaharga hujum uyushtiradigan Faxriddin Poshoning qoʻlida Amir Temurning qilichi bor edi. Judayam muhim tarixiy voqea. Judayam kuchli ramziy maʼnoga ega bu! Olti yuz yil avval Amir Temur Izmirni fath etdi. Yuz yil avval Amir Temurning qilichi Izmirni ozod etdi. Shu bois turkiyaliklar, xususan, izmirliklarning Amir Temurga tashakkuri ziyoda.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q