Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koʻkyoʻtal kasalligi avj olgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nurmat Atabekov holat yuzasidan maʼlumot berdi.
— Koʻkyoʻtal — havo-tomchi yoʻli orqali yuqadigan oʻta yuqumli xastalik boʻlib, qoʻzgʻatuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Unga chalingan bemorlarda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yoʻtal xurujlari va qusish kuzatiladi.
Bu kasallik asosan yosh bolalar va oʻsmirlarda aniqlanadi, lekin katta yoshli odamlarda ham uchrashi mumkin.
Oʻzbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaksina bilan (koʻkyoʻtal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infeksiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan soʻng, yaʼni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaksinatsiya qilinadi.
Joriy yilning oʻtgan davrida mamlakatimiz boʻyicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Xususan, yanvar-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak boʻlgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan.
Bundan tashqari, 16 oylik oʻgʻil-qizlarning 98,9 foizi revaksinatsiya bosqichida qayta emlangan.
Aytish joizki, koʻkyoʻtal mavsumiy xarakterga ega boʻlib, kuz-qish davrida koʻproq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), toʻliq emlash kursini olmaganlar hamda baʼzi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi.
Emlanmagan oʻgʻil-qizlar oʻrtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. Shu bois koʻkyoʻtal kam miqdorda boʻlsa-da, aholi oʻrtasida qayd etib turilishi tabiiy hol.
Chunki ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur.
Hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yoʻqligi, shuningdek ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishini maʼlum qilingan.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q