O‘zbekiston haqida uch tilda kitob nashr qilindi

Saqlash
10:12 / 01.12.2021 817 0

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 30-noyabr kuni “O‘zbekiston strategik yuksalish bo‘sag‘asida” nomli rus, arab va yapon tillarida chop etilgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

Gibrid rejimda tashkil etilgan anjumanda taniqli mahalliy va xorijiy ekspertlar, sharqshunos olimlar, siyosatshunoslar, jumladan, Misr, Isroil, Rossiya Federasiyasi, AQSH va Fransiya kabi davlatlar mutaxassislari ishtirok etdi.

 

Mazkur asarda oxirgi besh yilda O‘zbekiston Respublikasi siyosiy-iqtisodiy rivojlanishi jarayonida kuzatilayotgan asosiy tendensiyalar tahlil qilingan. Shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi strategik hamkorligi, mintaqalararo olib borilayotgan pragmatik siyosati va muhim tashabbuslari batafsil yoritilgan. Asarda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining xalqaro transformasiyasi, respublikamiz nufuzini oshirish omillari ham tahlil qilingan. O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan aloqalaridagi yangi tendensiyalar mohiyati ochib berilgan, muhim statistik ma’lumotlar keltirilgan.

 

– Kitobda buyuk strategik taraqqiyot, davlat va xalq birligi, mustaqil yurt tarixida qoluvchi ulkan o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy diplomatiyasi kabi muhim, qiziqarli mavzularga murojaat qilingan, – dedi asar mualliflaridan biri, “Al-Hivar” siyosiy va media tadqiqotlar markazi direktori Ahmad Tohir.

 

Tadbirda Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlar, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatdagi yangi tendensiyalar haqida ham fikr yuritildi.

 

Kitob mualliflari – Ahmad Tohir, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori, siyosiy fanlar nomzodi Sayfiddin Jo‘rayev va siyosiy fanlar doktori, professor Nodir Abdullayev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish