Madaniy meros agentligi auksionga qoʻyilgan “Sharq” nashriyoti va OʻzA binolari meros obyekti sifatida roʻyxatga olingani maʼlum qildi

Saqlash
17:09 / 22.09.2023 2038 0

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 41 hamda 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmualar (“Sharq” nashriyoti va OʻzA joylashgan binolar) auksionga qoʻyilganini maʼlum qilgan edi. Madaniy meros agentligi binolar madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olinganini maʼlum qildi va holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatga koʻra, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar (“Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari) Vazirlar Mahkamasining 2019-yil, 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga madaniy meros obyekti sifatida kiritilgan.

Obyekt 1979-1983-yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat boʻlib, umumiy maydoni 60 736,0 m2 ni tashkil etadi.

“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan.

 

“Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi uchinchi xatboshiga asosan moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bogʻlari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib eʼtirof etilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obyektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21-sentabr kuni ogohlantirish berildi”, deyiladi munosabatda.

 

Agentlikka koʻra, holat natijasi yuzasidan kelgusida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//