Oltoyda Xalqaro baxshilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda o‘zbek olimlari ham qatnashdi

Saqlash
15:32 / 22.09.2023 1988 0

Gorno-Altaysk shahrida “Zamonaviy madaniyatda epik meros” xalqaro forumi va Xalqaro baxshilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oyina.uz portali xabar bermoqda.


Anjuman Rossiya Federatsiyasida Ustoz va murabbiylar yili munosabati bilan oltoy xalq kaychi (baxshi)si Tabar Chachiyakov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab “Xalqaro madaniy markazlar 2023” federal loyihasi doirasida o‘tkazildi.

 

 

Qurultoyda o‘zbekistonlik olimlar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Anvar Bo‘ronov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, Oyina.uz portali bosh muharriri Farrux Jabborov ishtirok etdi.

 

14-sentabr kuni Oltoy Respublikasi milliy teatrida qurultoyning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Rossiya Federatsiyasining turli hududlari va qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlar, oltoy urf-odatlariga ko‘ra, ezgu tilaklar, ehtirom ramzi bo‘lgan belbog‘ va milliy taomlar bilan kutib olindi.

 

 

 

 

Forumni tabrik so‘zi bilan Oltoy Respublikasi rahbari, hukumat raisi Oleg Xoroxordin ochib berdi. Oltoy Respublikasi Davlat Majlisi – El Kurultayning qo‘mita raisi Natalya Yekeeva, Rossiya teatr san’ati universiteti dotsenti, RFda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, xalqaro madaniy loyihalar ijodiy kuratori Yuliya Bolshakova, UNESCO ishlari bo‘yicha RF komissiyasi a’zosi Ivan Belekov qatnashchilarni qutladi.

 

 

 

“Turk-Kabay” etnoguruhi hamda “Altam” milliy raqs va qo‘shiq teatri ijodiy chiqishlarini taqdim etdi. Tadbir doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. P.V.Kuchiyak nomidagi Milliy drama teatri katta sahnasida oltoylarning “Maaday Kara” dostoni asosida spektakl  namoyish qilindi (rejissor Andrey Borisov).

 

15-sentabr kuni Oltoy Respublikasining M.V.Chevalkov nomidagi Milliy kutubxonasi majlislar zalida “Epik merosning zamonaviy san’at rivojiga ta’siri” mavzusida anjuman tashkil etildi.

 

 

 

Davra suhbatida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston hamda Boshqirdiston, Saxa (Yakutiya), Tiva, Xakasiya, Tatariston, Moskva va Sankt-Peterburgdan oflayn va onlayn rejimda qatnashgan olimlar, rejissorlar, san’atkorlar xalq og‘zaki ijodining hayotbaxsh qudrati to‘g‘risida so‘zladilar.

 

 

 

 

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Anvar Bo‘ronov Oltoy va O‘zbekiston toponimlari orasidagi o‘xshashliklar yuzasidan ma’ruza qildi. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi Farrux Jabborov esa o‘zbek “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlarida qahramonlarning yerosti olami va samoviy sarhadlarga safarlari, bunday syujetlar bilan oltoy folkloridagi parallellar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

 

Milliy drama teatri sahnasida Oltoy, Tiva, Yoqut xalqlari eposi asosida yaratilgan “Uchar o‘qlar qo‘shig‘i” spektakli namoyish etildi (rejissor Mariya Markova). Rollarni Arktika davlat madaniyat va san’at instituti talabalari ijro qildilar.

 

 

 

16-sentabr kuni A.V.Anoxin nomidagi Milliy muzeyda oltoy kaychilari ichki bo‘g‘iq ovozda kuylash mahoratidan mashg‘ulot o‘tishdi. Uchrashuvda RFda xizmat ko‘rsatgan artist, kaychi Nogon Shumarov an’anaviy ijrochilikning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berdi. Xalqaro baxshilar qurultoyining ko‘p karra g‘oliblari Kidrash Shumarov, Natalya Yenchinova, Monune Taytikov hamda yosh kaychi Timur Minakovning chiqishlari katta qiziqish bilan qarshi olindi.

 

 

 

 

Milliy teatr sahnasida qurultoyning yakuniy konsert dasturi qizg‘in sur’atda o‘tdi. Oltoy Respublikasi madaniyat vaziri Olga Antaradonova faol ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirdi. Xalqaro baxshilar qurultoyining turli yillardagi g‘oliblari, etnografik ijodiy jamoalar va forum mehmonlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchani xushnud etdi.

 

 

 

 

 

Fotosuratlar muallifi: Arina Butusheva

 

Oyina.uz'ni telegramda kuzating

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//