O‘zbekistonning yana bir muhim tabiiy meros obyekti UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Saqlash
21:51 / 20.09.2023 1520 0

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida 10–25-sentabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston ishtirokidagi “Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiat obyekti UNESCO’ning Umumjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, transnominatsiya dosyesi loyihasini ishlab chiqish 2020-yil boshida Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (Central Asian Desert Initiative — CADI) loyihasi doirasida Ekologiya vazirligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Greifsvald universiteti (Germaniya), Maykl Sukkov jamg‘armasi (Germaniya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangandi.

 

“Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha UNESCO’ning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, — dedi O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

 

Bu obyektni UNESCO ro‘yxatiga qo‘shish masalasi O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 31-maydagi qarorida ko‘zda tutilgandi.

 

Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning O‘zbekistonga tegishli qismi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.

 

 

“Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” Umumjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston qatnashgan ikkinchi obyekt hisoblanadi. 2016-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi “G‘arbiy Tyan-Shan” obyekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

 

Yangi obyekt UNESCO ro‘yxatidagi mo‘tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi obyekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 million gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.

 

 

Ta’kidlanishicha, “Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari”ning UNESCO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972-yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, obyektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.

 

Bundan avval Buyuk Ipak yo‘li Zarafshon—Qoraqum yo‘lagi UNESCO’ning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//