Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonni suv resurslaridan birgalikda foydalanish boʻyicha mintaqaviy muloqotga jalb etishni taklif qildi

Saqlash
19:55 / 15.09.2023 1802 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 15-sentabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

Davlat rahbari tuzilma tashkil etilganidan buyon oʻtgan 30 yilda Orol dengizi havzasida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarni hal etish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishda jamgʻarmaning oʻrni va ahamiyatini
tahlil qildi.

– Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng oʻtkir muammolardan birini yechish boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir, — dedi prezident.

Oʻzbekiston yetakchisi koʻp tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan taʼminlash boʻyicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi.

Jamgʻarmaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan oʻtkazish va qayta koʻrib chiqish, amaldagi tuzilmani tahlil qilish va jamgʻarma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqish taklif qilindi.

– Jamgʻarmani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, yaʼni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir, — alohida taʼkidladi davlat rahbari.

 

Asosan milliy rejalar yoʻnalishida amalga oshirilayotgan Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam koʻrsatish boʻyicha toʻrtinchi dasturning ijrosi tashvishga soladigan holatda ekanini bildirib, Oʻzbekiston prezidenti jamgʻarma boshqaruviga amaldagi dasturni tanqidiy qayta koʻrib chiqish topshirigʻini berish hamda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yoʻl xaritalari”ni, ularning ijrosi boʻyicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni taklif etdi.

Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik koʻmakni jalb etish masalalari boʻyicha tizimli hamkorlikni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan mamlakatlar har biri aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan koʻmakni jalb etish boʻyicha oʻziga majburiyat olishi hamda raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik koʻmakni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya oʻtkazish taklif etildi.

Oʻzbekiston rahbari mintaqada suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatga moʻljallangan rejalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

– Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qoʻllab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Ushbu masalalarni koʻrib chiqishda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz, — dedi davlat rahbari.

Ekotizimlar tanazzuli yanada kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida toʻxtalib, prezident hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda Orolboʻyidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Hamkorlarga suvni tejash sohasini jamgʻarma faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi. Shu masalalarning barchasini kompleks koʻrib chiqish maqsadida suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari boʻyicha Mintaqaviy platformani taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzbekiston prezidenti “Qoʻshtepa” kanal qurilishi boʻyicha ham oʻz fikrini bildirdi. Taʼkidlanganidek, mintaqada suvdan foydalanish jarayonida yangi ishtirokchi paydo boʻldi. Shu munosabat bilan kanal qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga taʼsiri bilan bogʻliq barcha jihatlarni mamlakatlardagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda oʻrganish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhini shakllantirish, shuningdek, Afgʻoniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish boʻyicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini koʻrib chiqish taklif etildi.

Tadbir yakunida jamgʻarma taʼsischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

- Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;

- Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikistonning OQXJdagi raisligi yakunlari toʻgʻrisida qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 2024-2026-yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani toʻgʻrisidagi qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish boʻyicha faoliyat toʻgʻrisidagi qarori.

2024-2026-yillarda OQXJga raislik Qozogʻistonga oʻtdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//