Rossiyadagi Amir Temur sharafiga quriladigan meʼmoriy ansamblda masjid va ibodatxona ham boʻlishi kerak – oʻlkashunos olim taklif bilan chiqdi

Saqlash
16:49 / 30.11.2021 1003 0

Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni oʻrganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida (17.11.2021) Rossiyada Amir Temurga bagʻishlab haykal oʻrnatish uchun tanlov eʼlon qilish koʻzda tutilgan.

Qarorga koʻra, “Rossiyaning Samara viloyatidagi Kondurcha vohasida mahalliy oʻlkashunoslar tomonidan buyuk harbiy sarkarda Amir Temurga bagʻishlab oʻrnatilgan yodgorlik toshi oʻrnida Amir Temur va uning harbiy sarkardalari ifodalangan kompozitsion haykal oʻrnatish boʻyicha koʻrik-tanlov eʼlon qilish hamda tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan haykal majmuasini oʻrnatish yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan memorandum tuzish ishlarini olib borish” belgilangan.

 

Yaqinda yurtimizda boʻlib oʻtgan “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchisi, rossiyalik oʻlkashunos olim Aleksandr Nazarov ushbu qaror yuzasidan oʻz taklifini bildirdi:

– Qarorning eʼlon qilinishi Rossiya va Qozogʻiston jamoat va ilmiy tashkilotlari oʻrtasida qizgʻin muhokamalar boshlanishiga sabab boʻldi. Yodgorlik qanday koʻrinishda boʻladi, bu hozircha nomaʼlum, ammo haykaltaroshlik majmuasi yaratilishida koʻpmillatli Samara oʻlkasi va Rossiyaning boshqa mintaqalaridagi turli xalqlar, ularning diniy va maʼnaviy qadriyatlarini samimiy his etish maqsadga muvofiq, – deydi u.

 

Oʻlkashunos olim ushbu meʼmoriy ansamblda masjid va ibodatxona qurilishi, tarixiy jangda halok boʻlgan askarlar ruhiga tilovat qilish va boshqa diniy marosimlar uchun imkoniyat yaratilishi kerak deb hisoblaydi.

– Jang maydoni haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Manzilni topish uchun tadqiqot jarayonida katta landshaftlarni zamonaviy skaner qilish orqali oʻrganadigan maxsus qurilmalardan foydalanishga ehtiyoj seziladi. Krasnoyarsk oʻlkasining Kochkari qishlogʻi yaqinida – Kondurcha va Sok daryosining qoʻshilish irmogʻida 2011-yili Aleksandr Oporni tomonidan oʻrnatilgan yodgorlik toshigina bizga olis oʻtmishdagi buyuk jangni eslatib turadi, – deydi Aleksandr Nazarov.

1391-yili Amir Temur va Toʻxtamishxon oʻrtasida boʻlib oʻtgan muhorabada ikki tomondan 400 ming kishi qatnashgani aytiladi. Koʻpgina tarixchilarga koʻra, Turon sultoni bergan zarbalardan soʻng Oltin Oʻrda hokimiyati tamomila puturdan ketadi. Oqibatda Moskva moʻgʻul imperiyasi istibdodidan xalos boʻlib, yosh Rossiya davlatining rivojlanishiga yoʻl ochiladi.

 

Oʻlkashunos olim Aleksandr Nazarov Samarada Amir Temurning tarixiy gʻalabasiga bagʻishlab kompozitsion yodgorlik oʻrnatish Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi muhim madaniy voqea boʻlishini taʼkidlab, ushbu meʼmoriy majmuaning Kurumoch xalqaro aeroporti yaqinida barpo etilishi maqsadga muvofiq boʻlishini ilgari surmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//